07:31 / 29.06.2020
42231

Ohangaronda YTH natijasida kelib chiqqan yong‘in tafsilotlari ma'lum qilindi

Holat yuzasidan shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Foto: IIBB axborot xizmati

Joriy yilning 28 iyun kuni soat 14:10larda Toshkent shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan haydovchi Sh.U. o‘zining boshqaruvidagi «ZIL-130» rusumli yuk avtomashinasini Toshkent shahridan Angren shahriga yo‘lovchisiz va yuksiz boshqarib borayotgan bo‘lgan

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, u Ohangaron shahrining A.Temur ko‘chasi «Guliston» MFY hududida joylashgan 3-sonli ko‘p qavatli uyning ro‘parasiga yetganida, avtomashina qo‘l tormozining ichki qismida yong‘in kelib chiqqanligini payqab, avtomobilni to‘xtatishga uringan, ammo, boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomoniga o‘tib ketgan. Avtomashinani to‘xtatolmay ko‘p qavatli uyning yonida haydovchi va yo‘lovchisiz to‘xtab turgan xususiy korxonaga tegishli «Damas» rusumli transport vositasiga borib urilgan.

Natijada, avtomashinalar to‘liq yonishi oqibatida, yong‘in 3-sonli ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida joylashgan, yengil tamaddixona, oziq-ovqat va xo‘jalik mollari hamda kanselyariya do‘koni va dorixonalarga, shuningdek, ushbu do‘konlarning yerto‘lalariga o‘t ketgan. 

Kelib chiqqan yong‘inni bartaraf qilishga jami 7 ta yong‘in o‘chirish maxsus mashinalari jalb qilinib, soat 15:00da yong‘in to‘liq bartaraf qilingan.

Mazkur yong‘in natijasida «ZIL-130» rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi Sh.U. kuyish jarohati bilan Ohangaron tuman markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan va unga o‘ng oyoq boldir, o‘ng qo‘l kaft sohalarida I-II darajali termik kuyish tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Ohangaron shahar hokimining farmoyishi asosida yetkazilgan moddiy zarar miqdori va ularni bartaraf qilish borasida maxsus komissiya tuzilib, hodisa joyida shtab tashkil qilingan, deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid
Top