07:24 / 29.06.2020
9188
O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 20.06.2020 yildagi 394-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Uni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi, deb yozmoqda Norma.

1. Xufiyona aylanmani qisqartirishga qaratilgan boshqaruvda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish.

DSQ va uning hududiy bo‘linmalari tuzilmasida (tasdiqlangan shtat birliklari doirasida) jismoniy shaxslarning daromadlarini deklaratsiya asosida soliqqa tortish, elektron savdoni soliqqa tortish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va xalqaro integratsiya bo‘limlari tashkil etiladi. DSQga QQSni hisobga olish va qaytarish tizimini takomillashtirish vazifasi topshirildi.

Davlat statistika qo‘mitasi tarkibida (tasdiqlangan shtat birliklari doirasida) yashirin iqtisodiyotni, yashirin ishsizlikni baholash va hisobga olish bo‘limlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

2. Iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va markirovkalash.

Mazkur yo‘nalishda tadbirkorlik sub'yektlari onlayn-NKM bilan qamrab olinadi, markirovkalanadigan tovarlar ro‘yxati bosqichma-bosqich kengaytiriladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlarning noqonuniy faoliyatini qisqartirish mexanizmlarini, shuningdek elektron tijorat sohasida faoliyat yuritadigan sub'yektlarni aniqlash va soliqqa tortish mexanizmini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

 «Case management system» asosida soliq tekshiruvlari samaradorligi va sifatini nazorat qilish tizimi tashkil etiladi.

3. Iqtisodiyotda naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmini oshirish.

MBga «Humo» va «UzCard» to‘lov tizimlarini integratsiyalash vazifasi topshirildi. QR-kodidan foydalangan holda amalga oshiriladigan to‘lovlar soni oshiriladi, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning V2V to‘lovlari uzluksiz hisob-kitoblarni amalga oshirish tizimiga o‘tkaziladi.

Ko‘chmas mulk va transport vositalari bo‘yicha bitimlarni rasmiylashtirishda zamonaviy bank xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish nazarda tutilgan.

4. Bank xizmatlarining ommabopligini oshirish.

Bunda «Iste'mol krediti to‘g‘risida»gi Qonunga iste'mol kreditlarini taqdim etish tartibini soddalashtiradigan o‘zgartirishlar kiritiladi. Nobank kredit tashkilotlarini rivojlantirish nazarda tutilgan.

5. Tashqi savdoda yashirin iqtisodiyot ulushini sezilarli darajada qisqartirish.

1 avgustga qadar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tashqi savdoda yashirin iqtisodiyotning holati tahlil qilinadi va Vazirlar Mahkamasiga uni qisqartirish bo‘yicha takliflar kiritiladi.

Hujjat 20.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Top