04:22 / 29.06.2020
10035
Raqibni mensimagan «Dinamo» va Ibrohimning revanshi. Samarqanddagi dramatik o‘yin haqida

Samarqandda O‘zbekiston Kubogi ikkinchi saralash bosqichi doirasida «Dinamo» hamda «Oqtepa» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bo‘lib o‘tdi. Karantin sabab to‘xtatilgan o‘zbek futboli tiklangach, aksar o‘yinlar juda zerikarli o‘tayotgandi. Hatto Superliga o‘yinlari ham. Ammo Samarqanddagi kubok o‘yini juda quvnoq va yuqori temp bilan o‘tdi.

O‘yin oldidan ko‘pchilik «Dinamo»ning g‘alabasini kutgandi, chunki samarqandliklar birinchi bosqichda «Istiqlol»ni mag‘lub etgan va ishonchli harakat qilgandi. Bundan tashqari, «Dinamo» o‘tgan mavsumni yuqori divizionda o‘tkazgan va tabiiyki favorit edi. Biroq yaxshi futbolchilarni yig‘ib olgan «Oqtepa» ajoyib o‘yin ko‘rsatib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

O‘yin qahramoni «Oqtepa»ning nigeriyalik futbolchisi Ibrohim Tomiva bo‘ldi. U het-trik qayd etib, jamoasining g‘alabasini ta'minladi. 22 yoshli bu futbolchi Portugaliyaning «Feyrense» klubidan ketib O‘zbekistonga kelgan. Ilk marta Samarqandda «Dinamo» safida ko‘rikdan o‘tolmagach, «Oqtepa»ga yo‘l olgan. Tomiva bu o‘yinda qaysidir ma'noda «Dinamo»dan revansh oldi desak bo‘ladi.

«Dinamo»ga uchta gol urgan hujumchi kubokning birinchi saralash bosqichida ham «Zomin»ga gol urgandi. Uning tezligi va texnikasi Pro-Liga darajasi uchun juda yaxshi deyish mumkin. Superligada ham bunaqa texnikali futbolchilar ko‘p emas.

O‘yinning birinchi bo‘limida «Oqtepa» yaqqol yetakchilik qilib g‘alabani deyarli ta'minlab qo‘ygandek ko‘ringandi. Biroq ikkinchi bo‘limda «Dinamo» vabankka borib, uchta gol urishni uddaladi. «Oqtepa» urgan to‘rtinchi gol esa amalda g‘alaba goli bo‘ldi. «Dinamo» gollarining barchasini o‘yinning oxirgi 15 daqiqasida urdi.

Samarqandlik futbolchilar urgan ikkita gol «Oqtepa» himoyachilarining palapartish harakati ortidan sodir bo‘ldi. Uchinchi gol esa juda chiroyli chiqdi. Shoxruh Abdurahmonov jarima zarbasini to‘pni «jonli devor»dan aylantirib golga aylantirdi. Uning goli yaqinda «Selta» futbolchisi Yago Aspasning «Barselona» darvoziga urgan goliga o‘xshadi.

O‘yindan keyin «Dinamo»ning yangi murabbiyi Ravshan Ahmedov jamoasi raqibni mensimaganini tan oldi. «Oqtepa» murabbiyi Aleksandr Yejov esa jamoasi mayda to‘p uzatishlarga asoslangan o‘yin uslubi orqali g‘alabaga erishganini aytdi: «Ha, biz aynan shunday o‘yin uslubini tashkil etishni xohlayapmiz. Klub direktori Alisher Shog‘ulomov ham shunday uslub tarafdori», dedi murabbiy o‘yindan keyin.

Tribuna.uz muxbiri o‘yinni Samarqanddagi «Dinamo» stadionida kuzatdi. Quyida o‘yindan tayyorlangan fotogalereyani e'tiboringizga havola etamiz.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Top