16:54 / 29.06.2020
17208

Toshkent shahar IIBB himoya orderini erkaklarga ham berishni taklif qildi

Chilonzor, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida erkaklar o‘z xotini tomonidan tazyiqqa uchragani holatlari kuzatilgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Mahkam Vafoyev fuqarolarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun himoya orderini berish bilan bog‘liq ba'zi holatlar xususida bildirib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Toshkent shahrida hozirgacha 560 nafar fuqaroga himoya orderi berilgan. Shundan to‘rttasi erkaklarga berilgan. Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlarida erkaklar o‘z xotini tomonidan tazyiqqa uchragani holatlari kuzatilgan.

Ammo himoya orderini berish tartibining erkaklarga ham berish haqidagi joyi yo‘q. Shu sababli orderni erkaklarga ham berish tartibini ishlab chiqish bo‘yicha taklif berdik.

Shuningdek, himoya orderining tartibini buzgan fuqaroga nisbatan qanday javobgarlik ko‘rilishi ham Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘rsatilmagan. Aynan order tartibini buzganlik uchun chora kiritilishi masalasini ham ko‘taryapmiz», – dedi Mahkam Vafoyev Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qo‘shma majlisida.

Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

Ma'lumot uchun, 2019 yil kuzidan joriy etilgan himoya orderi – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi hujjat bo‘lib, u xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan ta'sir choralari qo‘llanishiga asos bo‘ladi.

Top