21:09 / 30.06.2020
4412
18 nafar yosh mutaxassis «Xalq ta'limi a'lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi 

Yoshlar kuni munosabati bilan xalq ta'limi tizimida samarali mehnat faoliyatini olib borayotgan 18 nafar yoshlarga «Xalq ta'limi a'lochisi» ko‘krak nishoni topshirildi.

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, shu kungacha ushbu mukofot bilan ta'lim tizimida 10 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan, aniq natijalarga erishgan, faol tizim xodimlari taqdirlanib kelgan. Bu yil istisno tariqasida yosh mutaxassislarga ushbu ko‘krak nishonlari topshirilgan.

Mukofotlanganlar orasida Xalq ta'limi vazirligi markaziy apparatidan 6 nafar, Respublika ta'lim markazi, Chortoq tumani xalq ta'limi bo‘limi, Andijon, Jizzax, Qarshi, Termiz, Angren shaharlari, shuningdek, Nukus, Romitan, Oqdaryo, Bag‘dod, Urganch tumanlaridagi maktablarning 1 nafardan vakillari bor.

Xalq ta'limi vazirligi markaziy apparati hamda Respublika ta'lim markazida ishlovchi xodimlarga «Xalq ta'limi a'lochisi» ko‘krak nishonini vazir Sherzod Shermatov topshirdi.

Qayd etilishicha, hududlardan taqdirlangan yoshlarga ko‘krak nishonlari karantin qoidalariga rioya qilingan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.

Taqdirlanganlarning to‘liq ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.​

Top