16:00 / 30.06.2020
49488

«Abu Saxiy», «Megaplanet», «Kristal» va «Toshkent city»da virus chiqdi. SSV aholi orasidagi holatlar bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi

29 iyun kuni Toshkent shahrida aholi orasida 20ta holat aniqlandi, jumladan, hisobchi, sotuvchi, hamshira, oshpaz va xususiy ustaxona egasida koronavirus chiqqan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 29 iyun kuni Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Toshkent shahrida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari hamon qayd etilib, boshqa hududlarga qaraganda yuqori bo‘lib turibdi. Bu esa karantin cheklovlarini yanada kuchaytirishni talab etmoqda.

Avval xabar qilganimizdek, 28 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 266 nafar bemordan 16 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 29 iyun kuni esa 274 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 20 nafari Toshkent shahrida aniqlandi. 

Ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, ham umumiy kasallanish ko‘rsatkichi, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshganini ko‘rish mumkin», deyiladi vazirlik xabarida.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yashovchi Sh.G‘.da, Shayxontohur, Mirobod, Yunusobod, Sergeli va Uchtepa tumanlarida yashovchi 8 nafar fuqaroda (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), Mirobod tumanidagi xususiy oyoq kiyim ta'mirlash ustaxonasi egasi U.U.da, «Megaplanet» savdo majmuasidagi «Sofiya» shirinlik do‘koni ishchisi D.T.da, Sergeli tumanidagi «ENTER Engineering» kompaniyasi hisobchisi N.M.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), Respublika o‘smirlar va chaqiriluvchi yoshlarga tibbiy yordam tashkil etish markazi muqobil tibbiy komissiyasi hamshirasi Sh.Sh.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan) kasallik aniqlangan.

Shunigdek, Toshkent shahridagi «Kristal» savdo markazi kiyim-kechak do‘koni sotuvchisi U.R.da (Qozog‘istonga ketayotgani uchun namuna topshirgan), Yunusobod tumanida yashovchi U.B.da (Yunusobod dehqon bozoriga borgandan keyin tana harorati ko‘tarilgani sababli namuna topshirgan), «Abu Saxiy» savdo markazi xodimi S.Q.da (tana harorati ko‘tarilgani sababli murojaat qilgan), «Toshkent city» qurilish obekti oshpazi M.M.da (tana harorati ko‘tarilgani sababli namuna topshirgan) ham koronavirus qayd etilgan.

«Vaziyat tobora jiddiylashayotganini hisobga olib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yil 1 iyuldan boshlab, qator karantin cheklovlari joriy etilmoqda. Jumladan, jamoat joylarida uch kishidan ortiq to‘planish, tunda esa ko‘chalarda, ko‘p qavatli uylar va hovlilar oldida bo‘lish taqiqlanmoqda. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi, yana bir bor, aholi orasida koronavirusga chalinish xavfi yuqoriligi bois poytaxtimiz aholisi va mehmonlaridan karantin qoidalariga qat'iy amal qilishlarini so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top