11:37 / 30.06.2020
3395

AKT vazirligi huzuridagi ikkita muassasaning vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 25.06.2020 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi ayrim tashkilotlarning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 409-son qarori qabul qilindi.

Hujjat Prezidentning "Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2020 yil 28 apreldagi PQ-4699-son qarori bilan belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
 
Norma’ning yozishicha, qaror bilan "Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi" va "Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi" davlat muassasalarining vazifalari belgilangan.
 
Xususan, birinchi muassasaning asosiy funksiyalari orasida - elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirishda yagona texnologik yondashuvni ta'minlash, shu jumladan loyihaviy-texnik hujjatlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazish. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida raqamli rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, idoralararo axborot tizimlarini, manbalar va boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etish ham vazifalari jumlasiga kiradi.
 
"Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi"ning funksiyalariga davlat organlari va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatida raqamli iqtisodiyotni keng joriy etishda yuzaga keladigan muammolarni o‘rganish, tahlil qilish va ularning yechimlari bo‘yicha har tomonlama asoslangan takliflar tayyorlash kiradi. Markaz "aqlli" va boshqa istiqbolli texnologiyalarni, shuningdek iqtisodiyotning turli sohalarida katta hajmdagi ma'lumotlarni qayta ishlash texnologiyalarini joriy qilishning konseptual va uslubiy asoslarini shakllantiradi.
 
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida "Binolardan foydalanish va kapital qurilish direksiyasi" tashkil etildi, u Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ishlariga buyurtmachi vazifasini bajaradi.
 
Markazlar va Direksiya xodimlarining mehnatini moddiy rag‘batlantirish, Vazirlik bilan kelishilgan holda, ular tomonidan tasdiqlanadigan tegishli nizomlarga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda, nizomlarda ko‘rsatilgan korxonalar xodimlarining lavozim maoshlariga 100 foiz qo‘shimcha oylik ustama qo‘llanilishi nazarda tutiladi.
 
Hujjat 26.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Top