16:13 / 30.06.2020
62099
Jizzaxda yana bir kishi koronavirus qurboniga aylandi. Bir kun oldin uning turmush o‘rtog‘i vafot etgandi

Jizzaxda 70 yoshli ayol koronavirusning navbatdagi qurboniga aylandi. Bir kun avval uning turmush o‘rtog‘i ham koronavirus tufayli o‘lim topgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan 70 yoshli bemor o‘tkir miokard infarkti, yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi.

«Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida yashovchi 70 yoshli onaxon F.O. (uning turmush o‘rtog‘i, koronavirusga chalingan 72 yoshli otaxon Q.R.ning vafot etgani haqida avval xabar bergan edik) joriy yil 20 iyun kuni koronavirusga gumon qilinib, karantinga olingan edi. 

23 iyun kuni esa Jizzax viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga «Yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, surunkali bronxit va surunkali yurak yetishmovchiligi, bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi» tashxisi qo‘yilgan.

Bemor bundan avval, oxirgi 10 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi tashxisi bilan davolanib kelgan.

Bemorning davolanishi davomida  kunlik ahvoli mahalliy shifokorlar bilan bir qatorda mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlari tomonidan ham nazoratga olinib, konsiliumlar o‘tkazilgan.

So‘nggi kunlarda bemorning nafas, yurak va o‘pka yetishmovchiligi sababli ahvoli keskin og‘irlashib, reanimatsiya bo‘limiga olingan. 

Biroq mutaxassislarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Shu tariqa, O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 25 nafarga yetdi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 13, Namanganda 4, Samarqandda va Surxondaryoda 2tadan, Farg‘ona, Jizzax va Buxoroda bittadan o‘lim ro‘y bergandi.

Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyatida mart-aprel oylarida qayd etilgan 3 nafar bemor sog‘ayib, 27 aprel kuni viloyat koronavirusdan xoli hududga aylangandi. Ammo 25 iyun kuni Jizzax viloyatida yana 2ta yangi kasallanish holati qayd etildi.  29 iyun kuni kun davomida viloyatda yana 5ta yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Ayni vaqtda viloyatdagi shifoxonalarda yana 5 bemor davolanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top