19:52 / 30.06.2020
69203
Prezident Chiroqchi va Andijondagi voqealar uchun ichki ishlar organlari rahbarlarini tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida odil sudlovni ta'minlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda sud-huquq tizimi tanqid qilingan va Andijon shahrida hamda Chiroqchi tumanida ichki ishlar organlari binolarida qiynoq holatlari kuzatilganiga munosabat bildirilgan.

«Biz so‘nggi uch yarim yilda qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlarni amalga oshirdik. Lekin, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo‘lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg‘otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerak.

Ushbu fojia oqibatida 2 nafar inson hayotdan erta ko‘z yumdi. Ularning oilalari bu huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan emas, davlatdan norozi.

Nima uchun tezkor-qidiruv va tergovni nazorat qiluvchi prokurorlar, ichki ishlar rahbarlari bunga biz aybdormiz, deb chiqib aytmaydi. O‘sha xodimlarning bilimini oshirmadik, qonun bilan ishlash, odamlar bilan muomala qilishga o‘rgatmadik, deb nima uchun xalqdan kechirim so‘ramaysizlar? Bu kabi noxush holatlar takrorlanmasligi uchun qaysi tizim yoki hududiy idora rahbari aniq reja yoki dastur ishlab chiqdi?

Ming afsus bilan aytish kerak, sizlardagi loqaydlik va bilimsizlik islohotlarimizni obro‘sizlantirmoqda.

Hozirda ushbu jinoyatlarga aloqador 11 nafar ichki ishlar xodimlari qonun oldida javob bermoqda. 7 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi, yana 16 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi», degan prezident.

  • Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida mol o‘g‘irlashda gumon qilingan 32 yoshli erkak 2020 yil 23 yanvar IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgandi. Keyinroq IIBning boshqa xodimlari ushbu jinoyatni yashirish maqsadida guvohlarga bosim o‘tkazgani ma'lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, ikki nafar IIB xodimi qamoqqa olingani haqida xabar berildi. So‘ngra fuqaroning urib o‘ldirilishida yana 13 nafar xodimning qo‘li borligi ma'lum qilindi.
  • Shuningdek, Andijonda fuqaro A.Abdukarimov IIBdagi qiynoqdan so‘ng 11 iyun kuni vafot etgach, besh kishi ishdan olindi, 19 kishi jazolandi. Holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida uch nafar ichki ishlar organlari xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e'lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Top