13:17 / 30.06.2020
58563
«Uyimda issiq ovqat qaynatolmayman»: Samarqandda yetti oy davomida oylik olmagan hamshira va shifokorlar bor

Samarqand shahridagi stomatologiya poliklinikasi davlat unitar korxonasida ishlovchi davolovchi vrachlar va texnik xodimlar tahririyatga murojaat qilishdi.

«Poliklinika hamshira va farroshlari yetti oydan beri maosh olmaymiz. Ro‘zg‘orimiz, bola-chaqamiz bor. Har kuni «endi oylik berib qolar», degan umid bilan ishga kelib, borgan sari nochor ahvolga tushib qolyapmiz. Poliklinikamiz rahbariga juda ko‘p bor og‘zaki va yozma murojaat qildik. Ammo direktor muammoni hal qilish o‘rniga navbatdan tashqari attestatsiya o‘tkazib, ishdan ketkazish yoki ish joylarini qisqartirish bilan qo‘rqitib kelmoqda...»

Vaziyatni o‘rganish uchun poliklinikaga borganimizda, bir necha vrach maosh masalasida «biroz» kechikish bo‘layotganini ma'lum qilsa, hamshira va farroshlar umuman maosh berilmayotgani uchun «pichoq borib suyakka taqalgani»ni aytishdi.

O‘rganish davomida vrachlar so‘nggi marta 2019 yilning avgustida, hamshira va farroshlar esa oktabr oyida maosh olgani ma'lum bo‘ldi.

Tashkilotda jami 154 kishi mehnat qilsa, ulardan 43 nafari vrach, 25 nafari hamshira, 39 nafari texnik xodimlar, 11 nafari farrosh va qolganlar ma'muriyat xodimlari. Barchalari so‘nggi marta 2019 yil hisobidan maosh olishgan. Faqat yuqori idoralarga murojaat qilgan bir-ikki xodimgina ayrim holatda ish haqini undira olgan.

Bir guruh hamshira va farroshlar muammo haqida so‘zlab berishdi.

Muhabbat Murodova: «Besh yildan buyon shu muassasada ishlab kelaman. Maoshim bir million so‘m. So‘nggi marta o‘tgan yilning oktyabrida oylik olganman. So‘nggi oylarda, ayniqsa karantin davrida juda qiynaldik. Oilada mendan boshqa boquvchi yo‘q. Menga kabi yana 36 kishi maosh ololmagan. Karantin davrida o‘z hisobimizdan ta'til berib yuborishdi.

Feruza Ahmedova: Hammamizda shu ahvol, maoshsiz ishlab kelyapmiz. Uyimdagilar ham hayron qolishadi. Mart oyida dekabrning oyligini olganman. Unda ham prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilib, bir-ikki oylik maoshimni ololdim, xolos.

O‘zini Nodira opa deb tanishtirgan ayol: So‘nggi marta 2019 yilning oktabr oyi uchun 864 ming so‘m maosh olganman. Yolg‘iz boquvchiman, ba'zan hamkasb vrachlarimiz o‘z hisobidan moddiy yordam ko‘rsatishadi. Mana, hozir uch kundan beri uyimda issiq ovqat qaynatolmayman. Qizim yig‘laydi, «Biror nima olib kelib bering, och qoldim» deydi. Ko‘zimda yosh bilan ishga kelaman-u ish haqimni ololmayman. Qayerga, kimga murojaat qilaylik?!

Yana qator xodimlar xuddi shu kabi fikrlarni bildirarkan, «biz-ku mayli, uyda boquvchimiz bor, ammo rahbariyat insof yuzasidan hech bo‘lmasa sharoiti og‘irlarning oyligini vaqtida bersa bo‘lardi-ku» deyishmoqda.

Muassasa rahbari Sulaymon Isroilov holat yuzasidan izoh berdi.

«Bu muammo oldindan bor, xodimlarning hammasi emas, bir qismi oyligini olmagan. Biz xo‘jalik hisobidan faoliyat yuritamiz. Soliqlar, kommunal to‘lovlardan ortib, maosh beriladi. Hozirda keluvchi bemorlar soni keskin kamayib ketgani sababli shu muammo yuzaga kelyapti. Qarzlarni asta-sekin «yopib» kelyapmiz. Tashkilot ilgari budjet tomonidan moliyalashtirilgan, 2014 yildan boshlab o‘zini o‘zi ta'minlashga o‘tgan. Ish o‘rnini kamaytirishga haqqimiz yo‘q, moliyaviy holatimizni tiklash esa faqat bemorlar soni ko‘payishiga bog‘liq», deydi u.

Qiziq, agar bunday yirik bino va inshootlar, salohiyat biror bir xususiy klinikada bo‘lsa, qanaqa «yashnatib» yuborishini tasavvur qiling. Nega bu muassasada garchi to‘lovlar xususiy klinikalarga nisbatan arzon bo‘lsa-da bemorlar kam, mablag‘ tushumi past? Tushunish qiyin. Afsuski, muassasada vaziyatni o‘nglash, moliyaviy holatni sog‘lomlashtirish bo‘yicha ham aniq biror reja yo‘q ekan. Bemor ko‘paysagina holat yaxshi bo‘lishiga umid qilinmoqda.

Xodimlar bu muammo asosan so‘nggi ikki yilda «gazak» olganini aytishyapti. Solishtirib ko‘radigan bo‘lsak, 2019 yilning birinchi choragida tushum 205 million so‘m, joriy yilning mos davrida esa 183 million so‘m bo‘lgan. Qizig‘i, har bir vrachning oylik topshirishi kerak bo‘lgan mablag‘ rejasi 2 million 600 ming so‘m bo‘lsa-da, ana shu reja ham aksariyat vrachlar tomonidan bajarilmagan. Shu tarzda birinchi chorakda 231 million so‘m o‘rniga 183 million tushum bo‘lgan. Bir vrach (hamshira bilan) bir oyda bemorlarga 2,6 million so‘mlik ham xizmat ko‘rsata olmasligi mumkinmi? Qiziq...

Qoidaga ko‘ra, vrachlarning maoshi, tushirilgan mablag‘ning 24 foizi hisobida to‘lanarkan. Qariyb bir yildan beri maosh olmagan vrachlar qanday qilib haligacha ishlab kelishyapti?

Ochig‘ini aytamiz: vrachlar oylik maoshdan jiddiy shikoyat qilishgani yo‘q (Buning ham sababi bo‘lsa kerak). Ammo oyliksiz, qora qozoni qaynamay qolgan hamshira va farroshlarning ahvolini o‘ylamaslik ham insofdan bo‘lmasa kerak.

Keling, bir holatga xolis e'tibor qarataylik. Yillar davomida oyligini ololmay kelayotgan xodimlar haqida Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga, yuqori tashkilotlarga biror marta yozma murojaat qilinganmi? Xodimlar maoshsiz qolayotgani haqida boshqalar voqifmi? Afsuski, bu savolga poliklinika rahbari jo‘yali javob qaytara olmadi. Vaholanki, stomatologiya ishchi-xodimlari kunlik topshirayotgan mablag‘ o‘zlarining oyligiga yetmayotgan ekan, buncha xodimni «ushlab» turishdan maqsad nima? Umuman, tashkilot xo‘jalik hisobida ekan, ishchi-xodimlarning ertangi kuni, yil davomida maoshsiz qolib ketmasligi haqida kimdir bosh qotirganmi?

Yana bir gap: hamshira va farroshlar oylik ololmayotgan bo‘lsa-da, biror marta bekor, kundalik yumushsiz qolib ketishmagani haqida gapirishdi. Mijozlar sezilarli darajada kamaygan, degan iddao ham ularni taajjubga solmoqda.

Maqola so‘ngida poliklinika rahbarlariga, umuman shu tizim mas'ullariga beriladigan savol: oylik maoshsiz ishlayotgan soha xodimlari kunini o‘tkazish uchun pul topishning qing‘ir yo‘l tanlamasligiga ishonchingiz komilmi?

Anvar Mustafoqulov, Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbirlari.
Jahongir Aliboyev, tasvirchi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top