17:40 / 30.06.2020
9302
«Yong‘oqning shaqillashi». Ikki superklub Fair Play’ni qanday chetlab o‘tishgani haqida

Kuni kecha «Barselona» va «Yuventus» yarim himoyachilar Artur va Pyanichni almashtirganliklari haqida rasman e'lon qilindi. Braziliyalik futbolchi 72 million yevro evaziga «Yuventus» tarkibiga qo‘shilsa, Miralem Pyanichning transfer narxi 60 millionga baholandi. Kelishuv futbolchilarni qo‘shimcha to‘lov evaziga ayriboshlash toifasida emas, alohida ikki transfer sifatida qayd etiladi. Aslida barcha «fishka» ham shunda va bu haqida quyida keltiriladi.

Foto: Getty Images

Bir qaraganda, har ikki jamoa ham aqldan ozgandek. Xo‘p, «Barselona» tarkibga kirishib keta olmayotgan umidli futbolchini yaxshigina summaga sotayotgani olqishga sazovor, ammo sal kamroq narxga 30 yoshli Pyanichning kelishi tushunarsiz. Jamoa tarkibi shundoq ham o‘ttiz yoshdan o‘tganlar jamoasiga aylanib qolayotgan bir paytda.

«Yuventus» go‘yoki, 60 million yevro evaziga davri o‘tib borayotgan yarim himoyachisidan qutulayotgani, zo‘r, lekin 72 million yevroga hali Italiyadagi faoliyati noma'lum, tavakkalchilik bo‘lgan Arturni sotib olish nimasi?

Bu qarorlarni alohida tahlil qilganimizda mana shunday, lekin, birlashtirib, biroz qo‘shimcha ma'lumotlar qo‘shsak, ikki klub aslida «asr firibgarligi»ni amalga oshirishgani va qanday qilib Fair Play qoidalariga zarba berganliklarini ko‘ramiz. Quyida sizni kamroq futbol, va juda ko‘p raqamlar kutmoqda. 

Gap shundaki, klublar tomonidan transferlar moliyaviy hisobotlarda aks ettirilishida xaridlar boshqacha, sotishlar esa, boshqacha kirim qilinadi. Sotib olingan transfer ushbu futbolchining shartnoma muddatiga bo‘lib yuboriladi va yillik maoshlar qo‘shilib, yilma yil amortizatsiyalashtiriladi. Sotishdan olingan daromad esa, aynan o‘sha transfer sanasiga to‘lig‘icha kirim qilinadi.

Sodda qilib tushuntirsak, bir klub 2019 yilda 50 millionga futbolchi sotdi. 50 millionga esa boshqa bir futbolchi sotib oldi. Oddiy ko‘z bilan qaraganda, klubning daromad va xarajatlari teng ko‘rinsada, aslida unday emas. Agar 50 millionga sotib olingan futbolchi bilan besh yilga shartnoma imzolangan bo‘lsa, 2019 yilgi xarajatlarga faqat 10 million so‘mlik transfer qiymati olib boriladi, xolos. Qolgan summalar 2020-23 yillarga teng taqsimlanadi. Sotib yuborilgan futbolchi uchun olingan 50 million esa to‘lig‘icha ushbu transferdan olingan daromad sifatida hisobotlarga kiritiladi. Ya'ni, maoshlar, yana qo‘shimcha detallarni qo‘shmasdan, umumiy qarasak, bu klub 2019 yilda 40 million yevro daromad qilgan hisoblanadi.

Endi «Barselona» va «Yuventus» doirasida Artur va Pyanichning transferlarini ko‘rib chiqamiz.   

Artur bo‘yicha:

2018 yilning yozida «Barselona» uni 30 million yevroga sotib olgandi. Ikki yil o‘tib Artur 72 million yevro (+10 million bonuslar) evaziga Turinga o‘tmoqda. Ikki yil davomida braziliyalik futbolchi barcha musobaqalarda 72 o‘yinda qatnashdi. Bir yarim yilda asosiy tarkibda harakat qilgan bo‘lsa, Seten kelgach, asosan zaxiradan maydonga tusha boshladi.

Endi moliyaviy hisobotlardagi Artur: 30 millionga 6 yillik shartnoma imzolangan bo‘lsa, futbolchining transfer qiymatidan har yili 5 million kamayib boradi. Ikki yil o‘tganini e'tiborga olsak, transfer qiymati 10 millionga kamayib, 20 millionni tashkil qilgan. «Barselona» uni 72 millionga sotib, 52 million yevro foyda qilyapti (Qaytaraman, aslida Arturning maoshlari ham umumiy qiymatiga qo‘shilib boriladi va umumiy qiymat 20 milliondan oshiqroq chiqadi, lekin biz sof transfer bo‘yicha ko‘rib chiqyapmiz).

Pyanich:

2016 yilning yozida «Yuventus» futbolchi uchun 35 million yevro sarflagan. To‘rt yil o‘tib 60 millionga sotib yuborilyapti. Hammasi bo‘lib 171 o‘yin, 6 sovrin. 

Pyanichning o‘shanda Turin bilan 5 yilga shartnoma tuzganini e'tiborga olsak, har yiliga 7 milliondan xarajat qilingan bo‘lib chiqadi. Lekin ikki yil o‘tib, shartnoma yangilandi va endi qolgan 21 millionni 5 yillik shartnoma muddatiga qo‘shsak, 4,2 million kelib chiqadi. Keyingi ikki yilda yana 8,4 million pasaygan va demak, Pyanichning bugungi balans qiymati maoshlarsiz 12,6 million yevroni tashkil qilmoqda.

Uni 60 millionga sotgan «Yuventus» 48 million yevro foyda qildi, deb aytish mumkin.  

Demak, sotishdan «Barselona» va «Yuventus» mos ravishda 52 va 48 million yevro daromad qilgan, deyish mumkin. Ammo sotib olingan futbolchiga qilingan xarajatlar shartnoma muddatiga qarab, aytaylik 5 yilga bo‘lib yuborilganda, «Barselona»ning Pyanichga xarajati maoshlarsiz 2020 yilga faqat 12 million, «Yuventus»ning Arturga qilgan xarajati esa, 14,4 million bo‘ladi, xolos. Ya'ni baribir, har ikki klub kamida 30-40 milliondan foyda bilan chiqishyapti.

Shunga o‘xshash sxemani o‘tgan yili «Yuventus» va «Manchester Siti» ham amalga oshirishgandi. Danilo «Yuventus»ga 37 millionga kelib, Kanselu teskari yo‘nalishda 65 millionga Angliyaga ketgandi. O‘shanda ham har ikki transfer alohida qayd etilgan.

The Athletic may oyida «Barselona» Fair Play talablaridan omon chiqish uchun 30 iyungacha 50 millionga yaqin daromad ko‘rishi shartligi haqida yozgandi. Aynan shu kuni moliyaviy yil yakunlanishini hisobga olsak, bu transferlar aynan shu oyda bo‘lishi lozim bo‘lgan.

To‘g‘ri, keyinroq bunday shoshilishga hojat yo‘qligi ham ma'lum bo‘ldi - 18 iyunda UYeFA pandemiya sharoitlarida Fair Play qoidalari borasida tezkor qarorlar qabul qildi. Unga ko‘ra, 2020 va 2021 yillar moliyaviy tomondan bir davr sifatida qaraladi. 2020/2021 yilgi nazorat davri qisqarib, endi faqat 2018 va 2019 yil bo‘yicha e'tiborga olinadi, kelasi nazorat davri esa, birato‘la 2018-2019-2020 va 2021 yilni ham o‘z ichiga oladi.

Transferlar rasman e'lon qilingan bo‘lsa-da, futbolchilar eski jamoalarida mavsumni tugatib qo‘yishadi va undan so‘ng yangi tarkibga borib qo‘shilishadi. Futbol maydonida hali qaysi futbolchi o‘zini qanday ko‘rsatishi ma'lum emas, Pyanich «Barselona»da ikkinchi yoshligini boshdan kechiradimi, Artur Italiyada yangi Pirloga aylanadimi, ma'lum emas, bu bilan murabbiylar, muxlislar bosh qotirishsin.

Ana boring, futbol jurnalistlari bekorchilikdan bosh qotirishsin. (Chunki) Buxgalteriyada hammasi joyida.

Qahramon Aslanov

Top