22:40 / 01.07.2020
3222
Ilk bor idoraviy hujjat elektron tarzda qabul qilindi

Adliya vazirligi tashabbusi bilan 2019 yildan boshlab qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, vazirliklar va idoralar o‘rtasida kelishish elektron tizim (project.gov.uz) orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan edi.
2020 yil 1 iyul kuni O‘zbekiston tarixida ilk elektron hujjat qabul qilindi va Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mazkur hujjat Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, unga asosan tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga retsept yozishda dori vositalarining savdo nomini emas, balki uning tarkibidagi ta'sir qiluvchi moddalarni yozish talab etiladi. Bu esa fuqarolarga tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini o‘zlarining xohishiga asosan sotib olishlariga imkoniyat yaratadi, shuningdek tibbiyot xodimlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy holatlarni, tibbiyot xodimlari va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi noqonuniy kelishuvlarni oldini olishga xizmat qiladi.

«Qonun hujjatlarini qabul qilish bo‘yicha elektron tizimning joriy etilishi qator qulaylik va yengilliklar yaratadi.

Jumladan, Adliya vazirligiga kiritilayotgan hujjat qog‘oz shaklida berilmaydi va muhr bilan tasdiqlanmaydi, vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun elektron raqamli imzodan foydalaniladi, hujjatlar bir vaqtning o‘zida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi, hujjatlarni qabul qilish uchun alohida adliya vazirining buyrug‘i qabul qilinmaydi, ular unikal raqam berilgan holda elektron davlat reyestriga kiritiladi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hujjatlar avtomatik ravishda Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida (www.lex.uz) chop etiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning elektron tizimiga o‘tish «Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirilgan muhim qadamlardan biri bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida qog‘ozsiz hujjat almashinuvini kengaytirish, byurokratiyani qisqartirish, bu sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish va normativ hujjatlar qabul qilish jarayonini shaffof va tez amalga oshirishga xizmat qiladi», deb xabar bermoqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Top