15:43 / 01.07.2020
6714
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga yangi rahbar tayinlandi

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi yangi rahbari Marko Mantovanelli mamlakatda o‘z faoliyatini boshladi. Ofisning avvalgi rahbari, 2017 yil mart oyidan beri respublikada ishlagan Xideki Mori missiya muddatining tugashi munosabati bilan o‘z faoliyatini yakunladi. Bu haqda Kun.uz’ga vakolatxona matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: worldbank.org

«Marko Mantovanelli Italiya fuqarosi, u Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyatini 2020 yil 1 iyul kunidan boshladi. Mantovanelli Lotin Amerikasi, Afrika va Yevropa davlatlarida 20 yildan ortiq ish tajribasiga ega iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha ekspertdir», - deya xabar berdi matbuot xizmati. Xideki Mori Hindistonda operatsiyalar bo‘yicha menejyer lavozimiga tayinlandi (tashkilotning dunyodagi eng yirik dasturlaridan biri) va Nyu-Dehlida Jahon banki vakolatxonasida ishlaydi.

Mantovanelli 1990-yillarning o‘rtalarida Jahon bankida ishlay boshladi. U Dominikan Respublikasi, Haitidagi vakolatxonalarni, Jahon bankining Afrika mintaqasida OAV, sheriklik va tashqi aloqalar bo‘yicha vakolatxonasini boshqargan. 2007–2011 yillarda Jahon bankining Bosniya va Gersegovinadagi vakolatxonasi rahbari bo‘lib ishlagan, 2012 yildan beri Jahon bankining Vashingtondagi qarorgohida Operatsion siyosat boshqarmasi tarkibida turli xil korporativ dasturlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirgan.

2016 yilda Mantovanelli Jahon bankining Kosovo va Shimoliy Makedoniyadagi vakolatxonalari rahbari lavozimiga tayinlandi. U ushbu lavozimni O‘zbekistonda faoliyat boshlangunga qadar egallab keldi.

Jahon banki ayni paytda texnik yordam va umumiy qiymati 4,4 milliard dollarlik 23ta loyihani moliyalashtirish orqali O‘zbekistonda islohotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Loyihalar makroiqtisodiy siyosat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta'lim, suv ta'minoti va kanalizatsiya, energetika, transport, aholini ijtimoiy himoya qilish, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatda COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga yordam beradi.

Top