13:12 / 01.07.2020
5192
O‘zbekiston «yashil» obligatsiyalar bozorini egallashni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston fond bozori moliyaviy mahsulotlari xilma-xilligini kengaytirish maqsadida BMTning O‘zbekistondagi loyihasi hamda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlik olib borilmoqda.

Foto: Getty Images

Joriy yilning 29 iyun kuni Bloomberg’da O‘zbekistonning “yashil” obligatsiyalar bozorini egallash rejasi haqidagi maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi.

Qayd etilishicha, maqolada agentlik direktori Otabek Nazirov “suquq” islom moliyaviy instrumenti mamlakat moliya bozorini kuchaytirish uchun O‘zbekistonga mahalliy va xalqaro investitsiyalarni jalb qilish imkonini berishi mumkinligiga diqqat qaratgan. 

Bildirilishicha, O‘zbekiston fond bozori moliyaviy mahsulotlari xilma-xilligini kengaytirish maqsadida BMTning O‘zbekistondagi loyihasi hamda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlik olib borilmoqda.

“Bizga bir qator moliyaviy instrumentlar kerak. Hozirda ushbu instrumentni joriy qilish ustida ishlab, uni tezroq amalga oshirmoqchimiz. O‘zbekiston ham islom, ham an'anaviy korporativ obligatsiyalar bozorini rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega”, - deydi O. Nazirov.

Ma'lumot uchun, “suquq” yashil obligatsiyalari investitsiya jalb qilishning keng tarqalgan usuli bo‘lib, loyihaviy moliyalashtirish hamda ijara unsurlariga o‘xshab ketadi. Hozirda ushbu bozorning jahondagi aylanmasi taxminan 950 mln dollarni tashkil etadi. Islom instrumentidan foydalanishning investor uchun eng afzal jihati shundaki, bunda qimmatli qog‘ozning daromadliligi “suquq” chiqarilayotgan loyihaning daromadiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi.

Avvalroq, O‘zbekiston so‘mda yevrobondlar chiqarishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.

Top