18:10 / 01.07.2020
8813
Rossiya MSK konstitutsiya bo‘yicha ovoz berish jarayonining dastlabki yakunlarini e'lon qildi

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ovoz berish jarayonining dastlabki yakunlarini e'lon qildi.

Foto: Kommersant'

Bayonnomalarning 0,95 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, Rossiya konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish uchun saylovchilarning 74,41 foizi ovoz berdi, 24.44 foiz qarshi chiqqan.

Bu Moskva vaqti bilan soat 15:00 holatiga ko‘ra mamlakat Markaziy saylov komissiyasining ma'lumotlari. Soat 15:00 holati bo‘yicha Rossiya bo‘ylab o‘rtacha saylovda qatnashish darajasi 60 foizdan oshdi. Bugun, 1 iyul kuni ovoz berishning asosiy va yakuniy kuni.

Avvalroq, Rossiya MSK ovoz berish natijalari haqidagi ma'lumotlarni deyarli onlayn rejimda namoyish etishi haqida xabar bergandi. Ovoz berish jarayoni Uzoq Sharqda tugagan. Ovozlarni sanash hozirda Primore o‘lkasi, Xabarovsk o‘lkasi, Baykalorti, Yoqutiston, Kamchatka o‘lkasi, Amur, Saxalin, Magadan viloyatlari hamda boshqa hududlarda amalga oshirilmoqda.

COVID-19 pandemiyasi sharoitida, 25 iyun kunidan boshlab yetti kun davomida umumxalq ovoz berish jarayoni davom etdi. Ikki mintaqa - Moskva va Nijniy Novgorod viloyati aholisi onlayn ovoz berish imkoniga ega bo‘ldi. Onlayn ovoz berishda umumiy qatnashish darajasi 93,02 foizni tashkil etdi. Umuman olganda, rossiyalikning 55 foizdan ortig‘i plebissitning dastlabki olti kunida ovoz berdi. 

Top