10:41 / 02.07.2020
33182
AQSh O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligiga munosabat bildirdi 
Foto: Reuters

AQSh Markaziy Osiyo respublikalariga ta'sir o‘tkazish borasida Moskva bilan raqobatlashmoqchi emas. Bu haqda Davlat departamenti, davlat kotibi Maykl Pompeoning Markaziy Osiyodagi besh mamlakatdan bo‘lgan hamkasblari bilan o‘tgan muzokaralari natijalarini sarhisob qilib izoh berdi, deb yozmoqda «Kommersant».

Onlayn konferensiyaning asosiy mavzulari AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqishga tayyorgarlik, mintaqadagi iqtisodiy hamkorlik va koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘ldi.

Uchrashuv natijalari haqida batafsil ma'lumotni chorshanba kuni jurnalistlarga davlat kotibining Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Jonatan Xenik aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Qo‘shma Shtatlar uchun Markaziy Osiyo yanada xavfsizroq va farovon mintaqa bo‘lishi manfaatlidir», undagi davlatlar esa «rivojlanish borasida turli xil variantlarni tanlashda erkin bo‘lishi lozim».

Uning ta'kidlashicha, «faqatgina hozirgi inqiroz davrida AQSh mintaqada koronavirusga qarshi kurashish uchun turli xil choralarga 25 million dollar ajratdi».

Shu bilan birga, diplomatning bildirishicha. AQSh «Markaziy Osiyo uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish maqsadida Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan ishlashni davom ettirmoqda».

Xenik «Kommersant»ning Vashington O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga a'zo bo‘lib kirishiga qanday munosabatda ekani haqidagi savoliga javoban, AQSh Markaziy Osiyo respublikalariga ta'sir o‘tkazish uchun Moskva bilan raqobatlashmasligini bildirdi.

«Men ushbu muzokaralar haqida izoh berolmayman, chunki Qo‘shma Shtatlar YeOII a'zosi emas. O‘zbekiston ishtirokida muhokamalar davom etmoqda. Shuni bilamanki, bu masala O‘zbekiston xalqini juda o‘ylantirmoqda. Biz O‘zbekiston fuqarolarining dunyo bozorlari va investitsiyalaridan foydalanishga intilishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Umid qilamizki, O‘zbekiston aholisi barcha mavjud mahalliy blok va savdo aloqalarini hamda Jahon savdo tashkilotiga a'zolik masalasini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishadi. Qaysi biri foydali ekanligidan kelib chiqib, tanlovni amalga oshiradi», - dedi amerikalik diplomat.

«Kommersant»ning matbuot anjumanida bergan yana bir savoli «Tolibon» harakati bilan tuzilgan kelishuvga binoan AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi va Markaziy Osiyo uchun bunday qarorning oqibatlari haqida bo‘ldi. Jurnalistlar Markaziy Osiyo respublikalari Amerika harbiy texnikasini olishi borasida ham qiziqdi. 

Jonatan Xenik bu haqda gapirishga hali erta, deb javob berdi. «O‘tmishda harbiy texnikalar bizning Markaziy Osiyodagi sheriklarimizga taklif qilinganini bilaman, ammo kelajakda bu masalalar alohida muhokama qilinadi», dedi diplomat.

Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, AQSh «Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlov uchun sheriklarga minnatdorchilik bildirgan hamda Afg‘onistondagi iqtisodiy hamkorlik muvaffaqiyat kaliti bo‘lishini ta'kidlagan».

Top