23:39 / 02.07.2020
5261
AQSh senati Hongkong tufayli Xitoyga qarshi sanksiyalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi

Avvalroq Tramp ma'muriyati XXR vakillariga nisbatan viza cheklovlari va sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini bildirgandi.

Foto: Reuters

AQSh kongressi senati Xitoy Hongkong milliy xavfsizligini ta'minlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgani tufayli bu mamlakatga qarshi sanksiyalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda USA Today nashri xabar bermoqda.

Endi qonun loyihasi imzolash uchun prezident Donald Trampga taqdim etiladi. U bu hujjatni imzolashi yoki veto qo‘yishi mumkin.

Chorshanba kuni AQSh vakillar palatasi yuqoridagi qonunning qabul qilinishi yoki ijro etilishiga aloqador amaldorlar, kompaniyalar va banklarga nisbatan sanksiya kiritish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini qabul qilish uchun ovoz bergandi.

Avvalroq Tramp ma'muriyati XXR vakillariga nisbatan viza cheklovlari va sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini bildirgandi.

30 iyun kuni XXR raisi Si Tszinpin Hongkong milliy xavfsizligini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning kuchga kirishi to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. 

Yangi qonun Hongkongning milliy xavfsizligi xavf soluvchi harakatlarga qarshi kurashga qaratilgan. Bunday tahdidlarga ayirmachilik, terrorchilik, davlat hokimiyatiga putur yetkazish va Xitoyga qarshi xorijiy kuchlar bilan til biriktirish kiradi.

Qonun loyihasi taklif qilinish bosqichidayoq Hongkongdagi hukumatga qarshi kuchlar hamda bir qator g‘arb davlatlari tanqidiga va noroziligiga uchragandi.   

Top