00:33 / 02.07.2020
97734

Besh hududda aholi orasida yangi holatlar qayd etildi

1 iyul kuni O‘zbekistonda 278ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 8781 holat), 1 kishi vafot etdi va 165 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 5847 bemorga javob berilgan, 27 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 2907 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 8 hududda - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 278 holatdan 218tasi karantin muassasalarida, 50tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 10 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+50)
Bugun 5 hududda aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Toshkent shahrida aholi orasida 35ta yangi holat qayd etildi. Poytaxtda so‘nggi marta 3 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanmagandi.

Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida aholi orasida 5tadan yangi holat qayd etilgan, shuningdek, Xorazm viloyatida 4, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bitta holat aniqlangan.

Karantin (+218)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 168 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 26 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Samarqand viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 9 kishida virus chiqdi.

Shuningdek, Buxoro viloyatida karantindagilar orasida 6 holat qayd etilgan, Sirdaryoda 5 nafar, Xorazmda 3 nafar karantindagilarga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, Qashqadaryoda esa bitta holat qayd etilgan.

Haydovchilar (+10)
Bugun Toshkent viloyati hududida xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi bo‘lgan ikki kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, Sirdaryoda esa xalqaro yuk tashuvchi haydovchilardan 8 nafarida virus chiqqan.

Tuzalganlar (+165)
Bugun Toshkent shahri (126), Qashqadaryo (18), Buxoro (14) va Samarqand viloyatlarida (7) bemorlarning navbatdagi guruhlari sog‘aydi va kunlik tuzalish ko‘rsatkichi 165 nafarni tashkil etdi. Shu vaqtgacha qayd etilgan 8781 bemordan 5847 nafari tuzalib chiqqan.

O‘lim (+1)
Qashqadaryoda 64 yoshli erkak koronavirusdan vafot etdi. U ikki hafta uyida davolanishga uringan. U iyun oyi boshida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida bo‘lib qaytgach, tana harorati ko‘tarilgan, ammo shifoxonaga murojaat qilmagan, 29 iyun kuni G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi reanimatsiyaga bo‘limiga ikki tomonlama o‘tkir pnevmoniya og‘ir darajasi, yurak va nafas yetishmovchiligi va qandli diabet og‘ir kechishi tashxisi bilan yotqizilgan bemorning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Shu tariqa, O‘zbekistonda koronavirus tufayli vafot etganlar soni 27taga yetdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2907 nafar bemordan 18 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Hozirda mamlakatimizda uy karantinida 40311 nafar, statsionar karantinda esa 24576 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top