11:46 / 02.07.2020
54859

«Bobomning bahonasi». «Siyosiy umrboqiylik» uchun o‘zgargan konstitutsiyalar

25 iyundan 1 iyulgacha Rossiya Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ovoz berish natijalariga ko‘ra, saylovchilarning qariyb 78 foizidan ortig‘i o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlagan. Tuzatishlarda prezident Vladimir Putinga lavozimiga yana nomzodini ilgari surishga va hokimiyat tepasida 2036 yilgacha qolish imkonini berish ham ko‘zda tutilgan.

Foto: REUTERS

Rossiya konstitutsiyasi yana o‘zgartiriladigan bo‘ldi. Yana o‘sha sabab bilan, yana o‘sha inson uchun...

«Strategik kechikish, qaror qabul qilishni orqaga surish, o‘z vakolatlarini uzaytirish, bir so‘z bilan aytganda alohida taqvim bilan yashashni ko‘pchilik Vladimir Putinning o‘ziga xos siyosiy usullaridan deb o‘ylaydi. Ammo bu Putinning unikal hayot tarzi emas. Bunday usul Lotin Amerikasi, sobiq sovet davlatlarida keng tarqalgan», deb yozadi «Meduza».

Putinning prezidentlik muddatlarini uzaytirish uchun butun boshli Rossiya konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilayotganidan xabaringiz bor. Qator nashrlarda shu munosabat bilan o‘z vakolatini oshirish uchun konstitutsiyani o‘zgartirgan davlat rahbarlari eslanmoqda.

Shu vaqtgacha o‘nlab rahbarlar davlatni uzoq vaqt boshqarish uchun qonunlar, hatto konstitutsiyani o‘zgartirishgan. Putin «siyosiy umrboqiylik» uchun konstitutsiyani o‘zgartirgan mana shu oriylar qatoridan o‘rin oladi.

«Siyosiy kasallik»

Bu Lotin Amerikasi uchun shunchalik eski tajribaki, siyosatshunos Rassel Fitsgibbon 1940 yildayoq davlatni uzoq boshqarish uchun qonun o‘zgartirishni «continuismo» deb atashni taklif qilgan. Bugun bu «siyosiy kasallik» butun dunyo bo‘ylab tomir otgan va ayniqsa sobiq SSSR davlatlari hududida «gazak otgan». 1945 yildan 2017 yilgacha demokratik va avtoritar davlatlarda 94 nafar prezident konstitutsiyani cheklab o‘tib vakolatlarini uzaytirishga erishgan.

Siyosatchi Aleksandr Baturo XX asrning ikkinchi yarmi va XXI asrning boshida vakolatlarini uzaytirish holatlarining 130tasini sanagan. Ma'lum bo‘lishicha, bunday ishni qilganlar odatda bir marta qonunni o‘zgartirish bilan kifoyalanmaydi. Hatto bu borada ikkita kitob ham yozilgan.

Baturoning kitobida faqat 2017 yilgacha bo‘lgan holatlar yozilgan, ammo o‘tgan uch yil davomida ham demokratiyani nazariga ilmay vakolatini oshirganlar bo‘ldi. Masalan, 2018 yilda Xitoy xalq respublikasi raisi Si Tszinpin hukumatni boshqarish uchun cheklovlardan qutuldi. Endi u mamlakatni xohlaganicha boshqarishi mumkin. Darvoqe, Tramp Xitoy raisining bu ishini «ajoyib» deb atagan. 2019 yilda Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy parlament orqali prezidentlik vakolatlarini uzaytirib oldi.

Misrdagi jarayon ham ovoz berish orqali amalga oshirildi. Parlament prezidentlik vakolatlarini 4 yildan 6 yilga uzaytirdi va Sisi 2024 yildagi saylovda ham qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Shu tariqa u 2030 yilgacha mamlakatni boshqarishi mumkin. Buni qo‘llab misrlik saylovchilarning 90 foizi ovoz berdi. Albatta, bunday rahbarlar «Mana, xalqning o‘zi ovoz berdi», deb turaverishadi, lekin aslida hammasi kimning xohishi bilan bo‘layotgani ma'lum.

Dunyoda tez-tez sodir bo‘ladigan bu voqeani huquqshunoslar «bobomning bahonasi» deb atashadi. Hukumatda bir umr qolishni xohlaydigan rahbarlarning barchasi qari erkaklar bo‘lgani uchun shunday atama paydo bo‘lgandir. Rossiyada esa bu atamaning boshqacha varianti bor: «Tereshkova tuzatuvi». Chunki Putinning muddatlarini nollashtirishni aynan deputat Valentina Tereshkova taklif qilgandi.

Siyosatchilar amaldagi «de fakto» rahbar bor vaqtda aslida vaqtincha prezidentlik vakolatlarini amalga oshiruvchi rahbarning kelishini ham «kontinuizm» alomatlaridan deb qarashadi. Masalan, 1930-61-yillarda Dominikan respublikasini amalda boshqargan Rafael Truxilo bu tryukdan ikki marta foydalangan. Nikaraguaning «de fakto» rahbari Anastasio Somosa 1936-81-yillarda davlatni boshqarib «de yure rahbar o‘yini»dan foydalangan.

Siyosatchi Aleksandr Baturo Dmitriy Medvedevning prezidentlikka kelishini ham «kontinuizm» sirasiga kiritgan. Dmitriy Anatolevich 2008-12-yillarda bir muddat Rossiya prezidenti bo‘lgan. Aynan uning davrida prezidentlik muddati 4 yildan 6 yilga uzaytirilgan. Agar mana shu mantiqdan kelib chiqsak, Putin «kontinuizm san'ati»ga uchinchi marta murojaat qilmoqda. Birinchisi – Medvedevning amalda vaqtincha rahbar bo‘lib prezidentlikka kelishi, ikkinchisi – 2008 yil prezidentlik muddatining 4 yildan 6 yilga uzaytirilishi, uchinchisi – hozir sodir bo‘layotgan referendum jarayoni.

Putin konstitutsiyani o‘zgartirib bo‘lsa ham o‘z prezidentlik muddatini uzaytirayotgan bir vaqtda rossiyalik senator Andrey Klishas prezidentlik muddatini nollashtirishni kulgili sabablar bilan oqlashga ham ulgurdi: «Hozirgi holatda ko‘pchilik siyosatchilar oddiy ish faoliyatini olib borish o‘rniga o‘rinbosar kim bo‘larkin deb o‘ylash bilan band bo‘lishadi. Prezidentlik muddatini nollashtirish odamlarni bu transfer (ya'ni rahbarlikni topshirish) haqida o‘ylashdan qutqaradi». Ya'ni, bir kishining prezidentlik vakolatlarini oshirish shunchaki odamlarni bir mavzuda o‘ylashdan qutqarish uchun qilinayotgan ekan. Juda g‘alati sabab.

Hatto antik dunyoda rahbarlar tez-tez o‘zgargan

Shaxslarga bog‘lanib qolish halokatli oqibatlarga olib kelishini anglash uchun aslida ko‘p aql kerak emas. Insoniyat ongi mukammallikka yaqinlashgan bugungi kunda ham zamonaviy insonlar hukumatga tish-tirnog‘i bilan yopishib olishi shunchaki ajablanarli holat. Hatto antik davrlarda ham davlat rahbarlari belgilangan muddatdan ortiq ishlashiga yo‘l qo‘yilmagan. Yuqori lavozimdagi odamlar odatda har yilda almashtirilgan. O‘shanda odamlar davlatning shaxsga bog‘lanishi halokatga olib kelishini tushunishgan.

Ammo keyinchalik monarxiya paydo bo‘lishi davlatchilikning juda xunuk ko‘rinishlari paydo bo‘lishiga olib keldi. XVIII asrdagi Fransiya va Amerika inqiloblarida davlat rahbarlarining muddati qat'iy belgilanishi asosiy da'volardan biri bo‘lgan.

«Doim ham rahbarlarning qat'iy belgilangan muddatdan ortiq ishlamasligiga erishib bo‘lmaydi. Odam o‘zini boshqalarning foydasi uchun ishlayotgan davlat sifatida tasavvur ham qilishi mumkin. Lekin rahbarni ustiga konstitutsiya deb yozilgan va u doim o‘zgartiraveradigan qog‘oz emas, chindan xalq qo‘llayotganini qanday bilish mumkin?», deb yakunlanadi «Meduza»dagi maqola.

Millat dunyoqarashi

Xo‘sh, nega jamiyat bir kishiga o‘z muddatlarini «qonuniy tarzda» uzaytirib olishga imkon beradi? Axir buning turgan bitgani qonunbuzarlik-ku? Bunga ko‘p omillar sabab bo‘lishi mumkin. Avvalo millatning dunyoqarashi va davlat rahbarining shaxsiyati. Eng achinarlisi, ko‘plab «millat otalari» hukumatda o‘lguniga qadar «ushlanib qolishadi». Kimdir o‘rinbosar tanlab qo‘ygan bo‘ladi, ammo afsuski, ba'zan ish davlat to‘ntarishi yoki fuqarolik urushlarigacha boradi.

Chikago universiteti professori, xalqaro konstitutsion huquqlar bo‘yicha mutaxassis va «Muddatlar cheklovini qanday cheklab o‘tish mumkin» surishtiruvi hammuallifi Tom Ginzburgning aytishicha, bir kishiga bog‘lanib qolgan davlatda rahbar o‘zgarishi juda xavfli jarayon hisoblanadi. Mavzuga mos bo‘lmasa ham Angliyaning «MYu» hamda «Arsenal» klublari ularni uzoq yil boshqargan murabbiylarning iste'fosidan keyin qiynalib qolgani beixtiyor esga tushadi.

«Yetakchi taxtda bo‘lgan vaqtda bir qarashda hammasi barqaror saqlanib turgan bo‘ladi, ammo jamiyatda bosim oshib boraveradi. Bunday davlatlarda hukumat almashishi juda va juda murakkab davrga aylanadi. Bir tomondan siz vaqtincha stabillikka ega bo‘lsangiz, boshqa tomondan katta muammolar gazak otib boraveradi».

Afrika to‘lqini: hamma prezidentlikda qolishni istaydi

Prezidentlik vakolatlarini uzaytirish bo‘yicha misollarni Afrikadan ko‘plab topish mumkin. «Sovuq urush tugashi bilan u yerda ko‘plab demokratik davlatlar va yangi yetakchilar paydo bo‘ldi. O‘n yilcha o‘tib ularning muddati tugagach, aksariyati prezidentlikdan ketishni xohlamay qoldi», deydi VVS rus xizmati bilan suhbatda professor Ginzburg.

Ulardan biri Chad rahbari Idris Debi. U 1990 yilda davlat to‘ntarishi qilib hukumatga keladi. Debi avvaliga demokratik islohotlar qilish iddaosi bilan chiqadi. 1996 yilda esa konstitutsiyaga referendum orqali o‘zgartirish kiritib, prezidentlik vakolatini 5 yildan ikki marta etib belgilaydi. 2005 yil ham tezda keladi va Debining ikkinchi muddati yakunlanib qoladi. Lekin prezidentlikdek ajoyib o‘rinni bo‘shatish xohishi hadeganda kelavermaydi. Shunda Debi yana referendum o‘tkazib, limitni bekor qildirib oladi.

Shu tariqa, Putinning tengdoshi bo‘lgan Debi mamlakatini eng uzoq vaqtdan buyon boshqarib borayotgan rahbarlar o‘nligida bormoqda. Dekabrda u hukumatga kelganining 30 yilligini nishonlaydi. Eng uzoq vaqt davomida hukumatni boshqarayotganlar ro‘yxatini esa afrikalik boshqa prezident Polb Biyya boshqarib turibdi. 87 yoshli Biyya 45 yildan buyon Kamerun hukmdori.

AFP/GETTY IMAGES

Unga ham uchinchi muddatga saylanish uchun 1996 yilda qabul qilingan konstitutsiya «xalaqit berdi» va Biyya 2008 yilda limitni bekor qilib, ikkita 7 yillik muddat belgilatdi. U prezidentlik vakolatlariga cheklov bo‘lishini saylovchilarning huquqlarini cheklash deb baholadi. Dahshat, to‘g‘rimi?

Prezidentlikda qolish uchun konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha Burkina-Faso prezidenti Blez Kampaore ham yaxshigina mahoratga ega. U 1987 yil harbiy to‘ntarishdan so‘ng hukumatga kelib, 27 yil davlatni boshqargach, konstitutsiyani o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Prezident 2014 yil 14 yil avval konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishni bekor qiladi. Unga ko‘ra, bir kishi ikki muddatdan ko‘proq saylovda o‘z nomzodini qo‘ya olmasdi.

Ammo barchasi Kompaore o‘ylagandek bo‘lmadi. Burkina-Faso parlamenti prezidentlik vakolatlarini nollashtirish uchun ovoz berishi kerak bo‘lgan kun mamlakat Milliy assambleyasi binosini namoyishchilar egallab olishadi. Oqibatda Kompaore nafaqat prezidentlikdan ketishga, balki Kot-d'Ivuarga qochib ketishga majbur bo‘ladi.

2015 yil Kongo prezidenti Deni Sassu-Ngesso uchinchi muddatga nomzodini qo‘yish uchun referendum o‘tkazishni taklif qiladi va rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ovoz berganlarning 93 foizi prezidentlik vakolatining ikki muddatdan iboratligi haqidagi cheklovni bekor qiluvchi konstitutsiyaviy o‘zgarishni qo‘llab ovoz berishadi. Shu tariqa Sassu-Ngesso vakolatini uzaytirib oladi va 36 yildirki Kongoni boshqarib kelmoqda.

GETTY IMAGES

Zimbabvening marhum prezidenti Robert Mugabeni tanimagan odam bo‘lmasa kerak. Unga qayta-qayta saylovlarda o‘z nomzodini ko‘rsatishi uchun hech nima xalaqit bermagan, chunki uning o‘zi boshchiligida 1980-yillarda qabul qilingan konstitutsiyada hech qanday cheklovning o‘zi yo‘q edi. U Zimbabveni 37 yil davomida boshqarib, mamlakatni iqtisodiy halokat yoqasiga keltirib qo‘ydi.

2017 yilda Mugabeni tinchgina qon to‘kmasdan iste'foga chiqarishdi. Albatta, uning o‘zi buni xohlamadi, ammo tinch to‘ntarish bilan uni chetlashtirishdi. Ikki yil o‘tib esa butun umr davlatni boshqarishni orzu qilgan Mugabe 95 yoshida vafot etdi.

Het-trikchi Ugo

Chavesning do‘sti Evo Morales (chapda) prezidentlik postida «atigi» 13 yil tura oldi

O‘z vakolatlarini oshirish uchun konstitutsiyani o‘zgartirishda Venesuelaning uzoq yillik prezidenti Ugo Chavesga yetadigani yo‘q. Dunyodagi eng katta neft zaxirasiga ega mamlakatning qashshoq va yashash uchun xavfli davlatlar qatoriga kirib qolishiga sababchilardan biri bo‘lgan Chaves o‘z vakolatlarini oshirish uchun konstitutsiyani uch marta o‘zgartirgan va har safar odamlar rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra uni qo‘llagan. O‘z xohishi bilan sodir bo‘lgan bu o‘ziga xos het-trikni Chaves «Boliviyacha inqilob» va sotsializm qurish uchun amalga oshirganini iddao qilgan.

1999 yilda Chaves davlat rahbarligiga kelgach, venesuelaliklar yangi konstitutsiya uchun ovoz berishadi. Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, prezidentning vakolatlari keskin oshirilgandi. Konstitutsiyaga kiritilajak o‘zgarishlar paketida moddiy yordam va ijtimoiy himoya haqida ham bandlar bor edi. Bu esa o‘zgarishlarni yoqlab ovoz beruvchilar sonini ko‘paytiradi va prezidentlik vakolatlari 5 yildan 6 yilga uzaytirilib, ikki muddat nomzod ko‘rsatish cheklovi kiritiladi.

2007 yilda Chaves yana referendum o‘tkazadi. Bu safar u prezidentlik vakolatlarini 6 yildan 7 yilga uzaytirishni, shuningdek, mamlakat Markaziy banki va gubernatorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘ziga bo‘ysunishiga erishmoqchi bo‘ladi. Ammo saylovchilarning 51 foizi buni rad etib, Chaves kutgan natija bo‘lmaydi. 2009 yilda Chaves baribir maqsadiga yetishadi. U bu gal aqlli yo‘l tutadi va barcha saylanadigan lavozimlar uchun ikki martalik cheklovni olib tashlashni taklif qiladi. Bu safar saylovchilarning 54 foizi taklifni qo‘llaydi va u qabul qilinadi. Biroq Ugo Chaves bu o‘zgarishdan to‘liq foydalana olmaydi. 2012 yilda qayta saylangan diktator 2013 yilda saratondan o‘ladi.

Sobiq ittifoqcha klassika

MDH davlatlarida ham vakolatni oshirish uchun konstitutsini cheklab o‘tish san'at darajasiga ko‘tarilgan. Masalan, hozirda rahbar bo‘lib kelayotgan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev, Tojikiston «millat peshvosi» Imomali Rahmon konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar bilan vakolatlarini uzaytirib olishgan. Tojikistonda hattoki prezidentlikka nomzod bo‘lish yoshi referendum orqali 35 yoshdan 30 yoshga tushirilgan. Bu nima uchun qilingani tushunarli. Imomali Rahmonning to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam Imomali 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ko‘rsata olishi uchun. U 1987 yilda tug‘ilgan va 2020 yilda 35 yillik cheklov unga xalaqit berishi mumkin edi. Shu sabab har ehtimolga qarshi nomzod kamida 30 yosh bo‘lishi kerakligi qayd etib qo‘yildi.

Shu o‘rinda konstitutsiyani shunchaki referendum chaqirib o‘zgartirish qanchalik dahshatli ish ekani haqida ba'zi mulohazalar keladi. Konstitutsiya mamlakatning bosh qomusi deyiladi, lekin u birgina shaxs uchun o‘zgartirib yuborilaversa, uning nimasi qomus? Bunday konstitutsiya shunchaki qog‘oz bo‘lib qolmaydimi? Zamonaviy davlatchilik tarixida komillikka eng yaqin borgan davlat bu, shubhasiz, AQSh. Okean ortida shu vaqtgacha konstitutsiyaga 27 marta o‘zgartirish kiritilgan va ularning har birini amerikaliklar yod bilishadi, chunki ular chindan xalqning irodasi bilan kiritilgan o‘zgarishlardir.

Masalan, AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi o‘zgarishni olaylik: «So‘z erkinligi, din erkinligi, matbuot erkinligi, majlis erkinligi, petitsiya yig‘ish erkinligi». Bugun mana shu sohadagi har qanday qonunbuzarlik hamon «birinchi o‘zgarishga zid» degan umumiy nom bilan atab kelinadi. Konstitutsiya shunchalik oddiy va o‘zgarmas qonunlar to‘plami bo‘lishi kerakki, uni hamma yoddan bilsin. Lekin u shaxsiy manfaatlar uchun o‘zgaraversa, na davlatning, na qonunlarning qadri qoladi.

Rossiyadek yirik davlatda bugun konstitutsiyani yana bir bor o‘zgartirishdi. Yana birgina shaxs uchun, uning «siyosiy umrboqiyligi» uchun. Albatta, rasmiy ma'lumotlarda bunday deyilmaydi, ammo bu o‘zgarish har holda Rossiyaning xalqaro maydondagi obro‘siga ijobiy ta'sir qilmadi.

Shunday ekan, yuqorida nomi keltirilgan konstitutsiyalarni qomus deb emas, shunchaki qonunlar to‘plami deyish mumkin. Axir bir necha kishining irodasiga qaram bo‘lgan bu bechora qonunlarning yana ne chorasi bor, o‘zgaraveradi, o‘zgaraveradi, o‘zgaraveradi. Toki... Ha mayli, unisini vaqt ko‘rsatadi. Xulosa shuki, chinakamiga davlatni boshqaradigan qomus shaxslar uchun o‘zgarmaydi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Top