08:28 / 02.07.2020
5474
Maishiy texnikalarni olib sotgan shaxs sud hukmi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum bo‘ldi

Jinoyat ishlar bo‘yicha Chirchiq shahar sudining hukmi bilan u JKning 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil 5 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Toshkent viloyatida 33 yoshli O.U. 2017 yilning may oyidan 2018 yilning fevral oyigacha bo‘lgan vaqt mobaynida 45 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, kredit savdo do‘konlaridan ularning nomiga kredit shartnomasi rasmiylashtirgan holda o‘ziga turli xildagi maishiy texnikalarni olgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u belgilangan miqdordagi kredit to‘lovlarini muntazam ravishda o‘z vaqtida to‘lab kelishini aytib, aldov yo‘li bilan ishonchiga kirganidan so‘ng fuqarolarning nomiga olingan maishiy texnika vositalarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ularni boshqalarga sotib yuborib, pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborib, bergan va'dasini bajarmasdan shu davr mobaynida fuqarolarga jami 150.000.000 so‘m moddiy zarar yetkazgan.

Holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O.U.ga nisbatan 168-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov jarayonida O.U. JKning 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va ayblov xulosasi bilan shahar prokuraturasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlar bo‘yicha Chirchiq shahar sudining hukmi bilan O.U. JKning 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil 5 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

“Hurmatli fuqarolar, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmasligingiz uchun maishiy texnika yoki boshqa boyliklarni sotib olishda savdo do‘konlarining rasmiy dilerlariga yoki rasmiy vakillariga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, - deyiladi xabarda.

Top