16:39 / 02.07.2020
11618
Saudiya Arabistoni yangi neft urushi bilan tahdid qildi

Saudiya Arabistoni iyun boshlarida OPeK+ kelishuviga rioya qilmagan mamlakatlarni jazolashini bildirgandi.

Foto: Ahmed Jadallah / Reuters

Agar Angola va Nigeriya neft qazib olishni qisqartirish bo‘yicha OPeK+ doirasidagi majburiyatlarga amal qilmaydigan bo‘lsa, Saudiya Arabistoni ularga qarshi narx urushini boshlaydi. Bu haqda Dow Jones agentligidagi manbalar ma'lum qildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon ol-Saud 18 iyunda bo‘lib o‘tgan OPeK+ mamlakatlari videokonferensiyasida ana shunday fikr bildirgan.

U agarda ikki qoidabuzar kelishuvga qarshi boradigan bo‘lsa, qirollik neft narxini keskin tushirishi va ularning mavqeini izdan chiqarib yuborishini aytgan.

«Xaridoringiz kimligini bilamiz», — deb ta'kidlagan vazir Angola va Nigeriya vakillari pozitsiyasini izohlarkan.

Saudiya Arabistoni iyun boshlarida OPeK+ kelishuviga rioya qilmagan mamlakatlarni jazolashini bildirgandi. O‘shanda may oyida o‘z kvotalarini bajara olmagan, ammo iyulda buni uddalashga va'da bergan Iroq, Nigeriya, Angola va Qozog‘iston haqida gap borgandi.

Top