11:58 / 02.07.2020
18362

Tergov departamenti Sariosiyoda fuqarolar o‘rtasida kelib chiqqan janjal bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi

Holat yuzasidan Sariosiyo tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 21 iyun kuni soat 17:30da Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani “Lutfikor” mahallasidan o‘tuvchi Sariosiyo-Uzun yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lida 31 yoshli M.Ya. o‘z boshqaruvida bo‘lgan Nexia rusumli avtomashinasi bilan harakatlanib kelayotgan bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, shu vaqtda o‘zi bilan bir yo‘nalishda 21 yoshli R.M.ning boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomashina bilan o‘zaro bir-biriga yo‘l bermasligi oqibatida o‘zaro tortishib qolib, ushbu hududga yaqin bo‘lgan M.Ya.ning amakisi 55 yoshli O.Ya.ning yashash uyi yoniga to‘xtab, avtomashinadan R.M. va uning ukasi 18 yoshli U.M. tushib, fuqaro M.Ya. va uning amakisi O.Ya. bilan o‘zaro janjallashib, bir-birlariga qasddan tan jarohati yetkazishgan.

Shu kunning o‘zida soat 18:30da fuqaro R.M. ukasi U.M., otasi, 41 yoshli O.X. va amakisi, 32 yoshli X.O. fuqaro O.Ya.ning yashash uyiga borib, O.Ya.ning qarindoshi bo‘lgan 31 yoshli O.N.ning tanasining duch kelgan joylariga qasddan urib tan jarohati yetkazgan.

Shundan so‘ng, soat 20:20 da M.Ya. va uning janjaldan xabar topgan 5 nafar qarindoshlari birgalikda O.X.ga tegishli bo‘lgan kichik korxonasi binosi oldiga borib, O.X. va uning o‘g‘illari R.M., U.M.ga qo‘l va oyoqlari bilan badanlarining turli sohalariga qasddan urib tan jarohatlari yetkazganlar.

Mazkur holat yuzasidan hozirda Sariosiyo tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Top