00:26 / 03.07.2020
111200
Aholi orasida aniqlangan kasallanish holatlari bo‘yicha rekord yangilandi

2 iyul kuni O‘zbekistonda 297ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 9078 holat), 187 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 6034 bemorga javob berilgan, 27 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 3017 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 7 hududda - Toshkent shahri, Jizzax, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 297 holatdan 183tasi karantin muassasalarida, 113tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 1 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+113)
Bugun aholi orasida aniqlangan kasallar soni bo‘yicha rekord natija qayd etildi - 113 bemor. Bungacha bir kunda aholi orasida yangi holatlar aniqlanishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 27 iyun kuni qayd etilgandi - 54 holat.

Bugungi 5 hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlangan. Aholi orasidagi yangi holatlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahrida qayd etildi - 67 holat. 

Poytaxtda 4 iyun kunidan buyon uzluksiz ravishda aholi orasida koronavirus aniqlanib kelinmoqda. Bugun poytaxtda ham aholi orasidagi holatlar bo‘yicha rekord natija qayd etildi.

Jizzax viloyatida ham bemorlar soni keskin o‘sdi - jami 33 holat va shundan 27tasi aholi orasida. May oyi to‘liq va iyun oyining katta qismida koronavirusdan xoli hudud bo‘lib turgan viloyat hozirda ham zararlanish holatlari eng kam qayd etilgan hudud bo‘lib turibdi - jami 43 holat, shundan faqat 3 kishi tuzalgan, 2 kishi vafot etgan. So‘nggi kunlarda Do‘stlik va G‘allaorol tumanlarida karantin choralari kuchaytirilgandi, bugundan Jizzax shahri ham kirish va chiqish uchun yopildi.

Toshkent viloyatida aholi orasida yana 11 kishida virus aniqlangan. Viloyatda so‘nggi haftalarda uzluksiz ravishda aholi orasida yangi holatlar aniqlanayotgandi, bu zanjir faqat 1 iyul kuni uzildi.

Shuningdek, Namangan viloyatida aholi orasida 6ta, Sirdaryoda 2ta holat qayd etilgan.

Karantin (+183)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 101 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 48 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Toshkent viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 12 kishida virus chiqdi.

Jizzax, Navoiy va Sirdaryoda karantindagilardan 6 nafardan kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, Qashqadaryo viloyatida 3, Namanganda 1 holat qayd etilgan.

Haydovchilar (+1)
Toshkent viloyatida 1 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Tuzalganlar (+187)
Bugun Toshkent shahrida 130 nafar, Qashqadaryo viloyatida 45 nafar, Navoiy viloyatida 12 nafar, jami 187 nafar bemor sog‘aydi. Hozirda kasallik qayd etilgan jami 9078 nafar bemordan 6034 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 3017 nafar bemor davolanmoqda, ulardan 16 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Hozirda mamlakatimizda uy karantinida 39 076 nafar, statsionar karantinda esa 24 722 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.
 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top