23:04 / 03.07.2020
32261

DSQ raisi o‘rinbosari Sog‘liqni saqlash vaziriga o‘rinbosar bo‘ldi

Sog‘liqni saqlash vaziriga yana bir o‘rinbosar tayinlandi.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli qaroriga asosan Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga Azizov Abdulla Abdisalamovich tayinlandi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Abdulla Azizov 1981 yilda tug‘ilgan. 2003 yilda Yaponiyaning Nagoya universitetini, 2004 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini moliya va xalqaro biznes yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan.

Shuningdek, Daniyaning Orxus universiteti magistraturasini, Orxus texnika kollejini IT-dasturchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, ushbu yo‘nalishda mehnat faoliyatini boshlagan. 

2006–2019 yillarda Daniyada qator nufuzli kompaniyalarda mas'ul lavozimlarda ishlagan.

U 2019 yil sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagandi.

Shu tariqa, bugunning o‘zida Sog‘liqni saqlash vaziriga to‘rt nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi.

Bungacha Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Nizomov lavozimini tark etgani, prezident 3 iyuldagi tegishli qarorlariga asosan Ulug‘bek Sobirov, Elmira Bositxonova va Shohrux Shorahmetov Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlariga aylangani xabar qilingandi.

Endilikda Sog‘liqni saqlash vazirining jami 7 nafar o‘rinbosari bor:

  • Bahodir Yusupaliyev - Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – vazirlik huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori;
  • Abduhakim Hojiboyev - Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori;
  • Elmira Bositxonova - Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari; 
  • Ulug‘bek Sobirov - Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari;
  • Shohrux Shorahmetov - Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya masalalari;
  • Abdulla Azizov - Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari.
Top