13:55 / 03.07.2020
7840
Karantin vaqtida Yevroparlament binosi talab ketildi
Foto: Wikipedia

Yevroparlament binosi pandemiya cheklovlari sababli bo‘sh turganda u yerdan 50 taga yaqin kompyuter va planshetlar hamda boshqa qimmat buyumlar o‘g‘irlab ketilgan.

Yevroparlamentning Bryusseldagi binosi karantin vaqtida talab ketilgan. Bu haqda Politico nashri xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, Yevroparlamentning karantin vaqtida Byursseldan uzoqda masofadan ishlagan kamida 50 a'zosining ofisidan kompyuter, planshet va boshqa buyumlar o‘g‘irlab ketilgan.  

O‘g‘irliklar bino deyarli bo‘sh yotganda amalga oshirilgan. O‘g‘rilar qimmatbaho buyumlarni olib ketish uchun yevrodeputatlarning seyflarini buzishgan va ularga tegishli hujjatlarni titishgan.   

Ikkita noutbugi o‘g‘irlab ketilgan germaniyalik yevrodeputat Niko Zemsrottning aytishicha, u Yevroparlamentning xavfsizlik masalalari bo‘yicha bosh direktorati DG SAFE’ning bunga munosabatidan ko‘ngli qolgan. 

“Biz o‘g‘rilar barcha narsalarimizni titib chiqqaniga ishonchimiz komil”, deb aytgan Zemsrott va o‘g‘rilar 40 dan 100 nafargacha yevrodeputatning ofislarida bo‘lgani haqida ma'lumotga egaligini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Zemsrott o‘z hamkasblarini elektron maktubda o‘g‘riliklar haqida ogohlantirgan va YouTube’da o‘g‘rilar qutini ochishgani va u yerdan kalit topib, u yordamida kompyuterlar saqlangan javonni ochishganini ko‘rsatuvchi videoni joylagan.

O‘z navbatida Yevroparlament matbuot kotibining ta'kidlashicha, o‘g‘riliklar haqida ma'lumot aprelda paydo bo‘lgan va bunga javoban “ofislarni nazorat qiluvchi qo‘riqchilar soni oshirilgan”. Uning aytishicha, o‘g‘rilar 50 ga yaqin deputatni talab ketgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top