13:25 / 03.07.2020
7081

Oliy sud plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ikkita qaror loyihasi muhokama qilindi

Sudlarning e'tibori murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga yuborishga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratilmoqda.

Foto: Oliy sud

2020 yil 3 iyul kuni Oliy sud Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda Oliy sud Plenumining “Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorlari loyihasi muhokama qilindi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning xabar berishicha, Plenum majlisida muhokama etilgan “Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi aynan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish samaradorligini ta'minlash maqsadida ishlab chiqildi.

Ushbu qaror bilan sud himoyasi deganda, protsessual qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladigan, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini tiklashga qaratilgan sudlar faoliyati tushilishi kerakligi tushuntirilmoqda.

Birinchi instansiya sudida ish qo‘zg‘atish uchun zarur shartlar hisoblanadigan, qonunda nazarda tutilgan dastlabki shartlar mavjud bo‘lganda, sud orqali himoya qilish uchun murojaat qilish huquqini amalga oshirish mumkin. Ushbu shartlarning mavjud emasligi sud tomonidan murojaatlarni qabul qilish va ko‘rishni rad etish uchun asos bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Jinoyat-protsessual kodekslari va O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq sudga murojaat qilish:

fuqarolik, ma'muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha — da'vo arizasi, ariza (shikoyat) shaklida;

buyruq tartibida ish yuritish bo‘yicha, alohida tartibda yuritiladigan ishlar, alohida toifadagi ishlar va protsessual qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda — ariza shaklida;

apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyasi sudlariga murojaat etilganda — shikoyat (protest) shaklida amalga oshiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, iqtisodiy protsessual qonunlarga muvofiq sudlarning vakolatiga kirmaydigan masalalar bo‘yicha sudga murojaatlari “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Qayd etilgan Qonun 25-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq davlat organlari, boshqa tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslariga taalluqli murojaatlar sudga kelib tushganda, ular besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilingan holda yuborilishi lozim.

Shu bilan birga, sudlarning e'tibori murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga yuborishga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratilmoqda.
 
Jismoniy va yuridik shaxslarni sud orqali himoya qilish nafaqat ularning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini tiklash vositasi, balki odil sudlovni amalga oshirishda ham, umuman, faoliyatni tashkil etishda ham sudlar faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish vositasi bo‘lganligi sababli, sudlarga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini muntazam ravishda tahlil qilib borish tavsiya etilmoqda.

Bundan tashqari, majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, ushbu Plenum qarorlari fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Top