19:46 / 03.07.2020
17942
«O‘zbekneftgaz» Chinobod neft bazasiga ishga kiritish uchun 10 ming dollar olgan mayor haqidagi xabarga munosabat bildirdi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani IIBning mayor unvonidagi mas'ul xodimi fuqaroni «Chinobod neft baza» MChJ filiallaridan biriga rahbarlikka tayinlanishiga yordam berishini aytib, buning uchun 50 ming dollar so‘ragani va 10 ming dollar olayotgan vaqtida ushlangani haqida xabar berilgan edi.

«O‘zbekneftgaz» AJ ushbu xabar bo‘yicha rasmiy munosabat taqdim etdi.

«Ushbu holat yuzasidan avvalo shuni ta'kidlash kerakki, «Chinobod neft baza»si MChJda hech qanday filial mavjud emas. Qo‘lga olingan IIB xodimining ham neft bazaga aloqador joyi yo‘q.

Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJ tuzilmasida o‘zgarish qilindi va muhim qadam tashlandi. Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning buyrug‘iga asosan rejali, mavzuli, tezkor va masofaviy o‘rganishlar hamda xizmat tekshiruvlari o‘tkazish uchun «Moliyaviy va komplayens nazorati» departamenti tashkil etildi.

Ushbu departament aynan komplayens sohasidagi qonun, qoida va standartlarga muvofiq, shu jumladan, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar bajarilishini hamda manfaatlar to‘qnashuvlarini me'yoriy hujjatlarga asosan boshqarilishini nazorat qiladi, mas'ul mansabdor shaxslar faoliyati bo‘yicha maqsadli o‘rganishlarni o‘tkazadi.

Bir so‘z bilan aytganda, «O‘zbekneftgaz» AJ «Korrupsiyasiz soha»ga aylandi.

Agar siz sohaga oid qonun buzilish holatlariga guvoh bo‘lsangiz, «O‘zbekneftgaz» AJning (71) 207-27-72 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin», – deyiladi «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan taqdim etilgan ma'lumotda mayor unvonidagi ichki ishlar xodimi 10 ming AQSh dollarini Toshkent shahrida joylashgan IIV Markaziy gospitali yonida olayotgan vaqtida ushlangani aytilgan edi.

Top