20:35 / 03.07.2020
4225

Pokistonda poyezd va avtobus to‘qnashuvi 29 kishi hayotiga zomin bo‘ldi 

Pokistonning Panjob viloyatida poyezd va avtobusning to‘qnashuvi 29 kishining halok bo‘lishiga olib keldi.  

PTI nashrining mahalliy amaldorlarga tayanib xabar berishicha, avtobusda Peshovardan Nankan-Sohibga ziyoratchilar ketayotgan bo‘lgan. Halokat 3 iyul mahalliy vaqt bilan soat 13:30 atrofida Laxor shahridan 60 km uzoqlikda yuz bergan. 

Avtobus haydovchisi temir yo‘l izlarini belgilanmagan joydan kesib o‘tayotganda avtobusga Karachidan Ravalpindiga yo‘nalayotgan Shah Hussain Express poyezdi kelib urilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, haydovchi yo‘l harakati qoidalariga amal qilmay, yo‘l bo‘sh-bo‘shmasligini tekshirmagan.

Shuningdek, 23 kishi jarohat olgani, ulardan 18 nafari og‘ir ahvoldaligi ma'lum qilingan. Mahalliy aholi qutqaruvchilar kelgungacha jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatib turgan. 

Ayni vaqtda baxsiz hodisa yuzasidan tergov boshlanib, uning davomida barcha tafsilotlar aniqlashtiriladi.

Pokiston bosh vaziri Imron Xon halokat yuzasidan o‘z hamdardligini bildirgan, temir yo‘llar vaziri Shayx Rashid esa aybdorlarni jazolashni buyurgan.

Mavzuga oid
Top