08:14 / 03.07.2020
2371
«Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Qonunning maqsadi rieltorlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yangi tahrirda e'lon qilindi.

Rieltorlik faoliyati - bu yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk obektlariga va ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlar tuzish bilan bog‘liq xizmatlarni shartnoma asosida ko‘rsatish bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatidir.

Ko‘chmas mulk bozorida ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish bilan bog‘liq bo‘lgan rieltorlik tashkilotlari faoliyati yagona elektron multilisting tizimida (YaEMT) amalga oshiriladi.

Rieltorlik tashkilotlarining YaEMTga kirishi rieltorlarning jamoat birlashmasiga a'zo bo‘lish orqali ta'minlanadi.

Jamoat birlashmasiga a'zolik a'zolik to‘g‘risidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Rieltorlarning jamoat birlashmasiga a'zo bo‘lishi YaEMTda faoliyatni amalga oshirish uchun majburiy sharti hisoblanadi.

Rieltorlik tashkiloti tijorat tashkilotidir.

Rieltorlik tashkiloti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va o‘z faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

Rieltorlik tashkiloti shtatida rieltorning malaka sertifikatiga ega bo‘lgan kamida ikki nafar xodim, shu jumladan rieltorlik tashkilotining rahbari bo‘lishi kerak.

Rieltorlik tashkiloti YaEMTda ko‘zda tutilgan faoliyat turlarini faqat unga berilgan reyting asosida amalga oshirishi mumkin.

Rieltorlik tashkiloti rieltorlik faoliyatidan tashqari boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish huquqiga ega emas.

Rieltorlik tashkiloti davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.

Rieltorlik tashkiloti o‘z faoliyatini rieltorlik tashkilotining ustav kapitali miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish polisi mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiradi.

Rieltor malaka sertifikatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxsdir.

Rieltor mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida faqat bitta rieltorlik tashkiloti bilan ishlashi mumkin.

Rieltor qonunchilikka muvofiq rieltorlik tashkiloti oldida sifatsiz rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish, tijorat sirlarini oshkor etish va rieltorlik tashkilotiga zarar yetkazadigan boshqa harakatlar natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgardir.

Davlat va jamoat organlari rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli organlar hisoblanadi.

Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi:

rieltorlik faoliyatini tartibga solish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;

o‘z vakolatlari doirasida rieltorlik faoliyati sohasidagi xalqaro tashkilotlarda davlat nomidan ish ko‘radi;

o‘z vakolatlari doirasida rieltorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ - huquqiy hujjatlarni tasdiqlaydi;

ishchi organning ish tartibi va reglamentini belgilaydi;

rieltorlar jamoat birlashmalari ishtirokida malaka imtihonini o‘tkazadi;

rieltorning malaka sertifikatining shaklini tasdiqlaydi, shuningdek, rieltorning malaka sertifikatini beradi, qayta rasmiylashtiradi, uning muddatini uzaytiradi va tugatadi;

rieltorlarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda rieltorlar uchun malaka oshirishning yagona dasturini tasdiqlaydi va uning bajarilishini nazorat qiladi;

rieltorlik tashkilotining xodimlariga, shu jumladan rahbariga va malaka sertifikatini olish uchun da'vogarlarga malaka talablarini belgilaydi;

malaka sertifikatini beradi, uning amal qilishini tugatadi va uni bekor qiladi;

rieltorlarning reyestrini yuritadi;

YaEMT dasturiy kompleksining axborot tizimini rivojlantirishni ta'minlaydi;

jinoiy faoliyatdan topilgan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga rioya etilishi uchun javobgar bo‘lgan rieltorlik tashkilotlari xodimlarining ro‘yxatini shakllantiradi.

Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli jamoat organi rieltorlik tashkilotlarining jamoat birlashmasi hisoblanadi.

Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli jamoat organi:

kelgusi yil uchun ish rejasini davlat organi bilan kelishadi;

jamoat birlashmasi a'zolari bilan rieltorlarning malakasini oshirish kurslarining ӯquv dasturini kelishib oladi;

ta'lim muassasalari bilan birgalikda rieltorlarni tayyorlash bo‘yicha ӯquv dasturini tashkil etadi;

ta'lim muassasalari bilan birgalikda kelgusi yilda rieltorlarning malakasini oshirish kurslarining ӯquv dasturlarini tashkil etadi;

yangi a'zolarni qabul qiladi;

rieltorlik tashkilotlari tomonidan jamoat birlashmasiga a'zo bo‘lish talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

jamoat birlashmasida a'zolikni to‘xtatadi, qayta tiklaydi, tugatadi.

Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli jamoat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Top