12:21 / 03.07.2020
12287
Samarqandda 1000 kishilik karantin majmuasi va 100 o‘rinli shifoxona qurilishi bitkazilmoqda

Karantin majmuasi qurilishi Past Darg‘om tumanida joylashgan harbiy qismning bo‘sh turgan maydonida bundan bir oy oldin boshlangan edi.

9,36 gektar yer maydonini egallagan mazkur 1000 o‘rinli majmua “Bunyodkor obod Pastdarg‘om” davlat unitar korxonasi quruvchilari tomonidan barpo etilyapti. Loyiha qiymati 12 milliard so‘mni tashkil etadi.

Qurilish vaziri o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Akmal Shukurov, loyiha rahbari Hayot Mirzayev va “Bunyodkor obod Pastdarg‘om” davlat unitar korxonasi rahbari Aktam Bo‘riyevlar ishtirokida qurilish ishlarini muhokama etmoqda.

- O‘tgan bir oy ichida joyni tayyorlash, tuproqni zichlash va shag‘al toshlari yoyishdan boshlab, so‘nggi qurilish ishlarigacha bo‘lgan, loyihada ko‘rsatilgan ishlar amalga oshirildi. Hozirda esa qurilish ishlarining so‘nggi bosqichi nihoyasiga yetkazilmoqda, asfaltlash hamda xavfsizlik kameralarini o‘rnatmoqdamiz. 5 iyul sanasiga kelib 1000 kishilik karantin majmuasini foydalanishga topshirishni ko‘zlayapmiz, - dedi bosh pudratchi hisoblangan "Bunyodkor obod Pastdarg‘om" davlat unitar korxonasi rahbari Aktam Bo‘riyev.

Karantin hududi 140 dan ortiq konteynerlardan tiklangan. Konteynerlar barcha zarur mebellar bilan jihozlangan.

Shuningdek, 100 o‘rinli shifoxona qurilishi ham tez orada foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu majmuani qurish uchun Samarqand shahri «Vatanparvar» mahallasida joylashgan harbiy qism hududidan 18 gektar bo‘sh yer maydoni ajratilgan.

Bosh pudratchi hisoblangan "Bunyodkor obod Pastdarg‘om" davlat unitar korxonasi ma'lum qilishicha, loyiha qiymati 25 milliard so‘m bo‘lgan bu majmua yaqinida tibbiyot xodimlari uchun turar joylar qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Mazkur shifoxona qurilishida 100 dan ortiq quruvchi-ishchi hamda 20 dan ortiq maxsus texnikalar jalb etilgan.

Shifoxona yuqumli kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan bo‘lib, davolash va reanimatsiya bo‘limlari, zaruriy bino va inshootlar hamda tibbiyot xodimlari uchun turar joydan iborat bo‘ladi.

Kanalizatsiya, suv, elektr energiya kabi barcha kommunal xizmatlar tarmoqlari tortish tugallanmoqda, xonalarga televizor va konditsionerlar hamda boshqa zaruriy mebel va jihozlar o‘rnatilmoqda.

Ayni paytda qurilishning yakuniy bosqichlari, hududni obodonlashtirish va yuqorida aytilganidek, har ikki majmuaga olib boriladigan bir necha kilometr yo‘llarni asfaltlash davom etyapti.

Top