23:30 / 03.07.2020
40394

Toshkentda yana bir bemor vafot etdi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 29taga yetdi

Toshkentda saratondan davolanib kelayotgan 77 yoshli bemor ayol koronavirusning navbatdagi qurboniga aylandi. O‘zbekistonda kun davomida 2 nafar, epidemiya boshlangandan beri 29 nafar fuqaro Covid-19 asoratlaridan vafot etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasiga chalingan va sarator kasalligidan davolanib kelgan bemor vafot etgani haqida xabar berdi.

«Poytaxtimizda yashovchi 77 yoshli N. G. shu yilning 7 iyunidan 16 iyungacha Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida  yurak ishemik, gipertoniya, qon aylanish yetishmovchiligi, o‘ng sut bezi saratoni, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘pka shishi tashxisi bilan davolangan.

Shu yilning 23 iyun kuni unda koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

U oxirgi 10 yil davomida  yurak ishemik, gipertoniya va onkologik xastalik kabi  qator tashxislar bilan davolanib kelgan.

Bemorga (ayol) Sog‘liqni saqlash vazirligining qator yo‘nalishlari bo‘yicha bosh mutaxassislari va Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokorlari tomonidan konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazorati ta'minlangan.

Shu yilning 2 iyul kuni standartlar asosida ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bugun koronavirusdan ikki o‘lim holati qayd etildi. Kun davomida Toshkent shahrida koronavirusga chalinib, 2 iyul kuni o‘ta og‘ir holatda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan 59 yoshli erkak olamdan o‘tgani xabar qilingandi.

Iyun oyi oxirida qatorasiga uch kun davomida (28-29-30 iyun kunlari) ikkitadan o‘lim qayd etilgandi.

Pandemiya davrida Toshkentda 15, Namanganda 4, Samarqandda, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona, Buxoro va Qashqadaryoda bittadan o‘lim ro‘y bergandi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top