09:19 / 03.07.2020
7607

Voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilindi

Prezident tomonidan mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlashga qaratilgan tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.

Norma’ning yozishicha, birinchidan, intizomiy qismga jo‘natishga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning shaxsiy xavfsizligi ta'minlanishi batafsil qayd etildi. Mahkum jazoni ijro etish muassasasining yoki organining har qanday xodimiga og‘zaki yoki yozma ravishda murojaat qilishga haqli bo‘ladi, arizani qabul qilgan xodim uni zudlik bilan boshliqqa taqdim etishi lozim. Bu haqda yozuv maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish kitobiga kiritiladi. Boshliq arizani (xabarni) olgandan so‘ng 3 sutka ichida mahkumni xavfsiz joyga vaqtinchalik joylashtirishi shart.

Arizani ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra mahkumga nisbatan xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risida yoki ularni qo‘llashni rad etish haqida qaror qabul qilinadi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror darhol qabul qilinadi. Mahkum qabul qilingan qaror bilan imzo qo‘ydirib tanishtiriladi, u qaror ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilishga haqli bo‘ladi. Bunday shikoyat muassasada ko‘rib chiqilmaydi, balki darhol manzili bo‘yicha yuboriladi va shikoyat berilgan paytdan boshlab 24 soat ichida ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchidan, tintuv chog‘ida mahkumlar uchun qo‘shimcha kafolatlar belgilanadi:

tayyorlanayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyatlar, taqiqlangan narsalar va buyumlar saqlanayotganligi haqida axborot kelib tushgan hollarda, jazoni ijro etish muassasalarining turar joylarini ularda mahkumlar bo‘lganda tintuv qilishga yo‘l qo‘yiladi;

tintuv o‘tkazish chog‘ida mahkumlarga nisbatan jismoniy kuch va maxsus vositalar qo‘llanilishi taqiqlanadi. Bundan mahkumlarning tintuvni amalga oshirayotgan xodimga boshqa mahkumlarga yoki o‘zga shaxslarga nisbatan g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlarining, shuningdek mahkumlar tomonidan o‘ziga o‘zi zarar yetkazishining oldini olish hollari mustasno.  

Uchinchidan, mahkumlarga uchrashuvlar belgilash tartibi soddalashtirildi:

a) muqobil variant sifatida quyidagilar o‘rniga masofali video-uchrashuvdan foydalanishni tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi:

uzoq muddatli uchrashuvni (muassasa hududida – 1 sutkadan 3 sutkagacha, muassasadan tashqarida – 3 sutkadan 5 sutkagacha) qisqa muddatli uchrashuvga (4 soatgacha) yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirish;

qisqa muddatli uchrashuv o‘rniga taqdim etiladigan telefon orqali so‘zlashuv;

b) voyaga yetmagan mahkumlarga ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda beriladi;

v) mahkuma ayollarning voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilandi:

umumiy qoidaga ko‘ra, bir yil ichida 4 marta muddati 5 sutkagacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuvga ruxsat beriladi;

manzil-koloniyalarda saqlanayotganlarga ishdan bo‘sh vaqtlarida uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda beriladi;

mahkuma ayollar koloniyalar qoshidagi bolalar uyiga joylashtirilgan bolalari bilan ishdan bo‘sh vaqtida cheklanmagan miqdorda muloqot qilishlari mumkin.

Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan bolalari bilan uchrashishiga o‘zining shaxsini, qarindoshligini yoki vasiyligini (homiyligini) tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim etgan taqdirda bitta yaqin qarindoshi yoki vasiy (homiy) kuzatuvida yo‘l qo‘yiladi.

Mahkuma ayollar jazoni ijro etish muassasasidan tashqaridagi bolalar uylaridagi voyaga yetmagan bolalari bilan uchrashuv so‘rashga haqli.

To‘rtinchidan, mahkumlarga nisbatan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibga solindi. Ushbu masala har yili kamida ikki marta hamda bayram kunlari munosabati bilan ko‘rib chiqiladi. Buning uchun jazoni ijro etish muassasasining xodimlari va jamoatchilik vakillari (deputatlar, ombudsman vakillari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlari vakillari) orasidan 8 nafar a'zodan iborat komissiya tuziladi. Muassasa boshlig‘i komissiya raisi hisoblanadi.

Taomil quyidagicha amalga oshiriladi. Otryad boshlig‘i mahkumni rag‘batlantirish uchun tavsiya qiladi va zarur hujjatlarni taqdim etadi. Belgilangan muddatlarga binoan komissiya majlisi tayinlanadi. Komissiya a'zolari rag‘batlantirish uchun tavsiya etilgan mahkum bilan uning xulq-atvori belgilangan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan suhbat o‘tkazadilar. Komissiya qarori majlisda ishtirok etayotgan a'zolarning ko‘pchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ovozlar soni teng bo‘lgan taqdirda, mahkumni rag‘batlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Komissiya qarori hozir bo‘lgan komissiya a'zolari tomonidan imzolanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va rais tomonidan tasdiqlanadi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, 3 kun muddatda muassasa boshlig‘ining qarori chiqariladi va uning mazmuni mahkumga e'lon qilinadi.

Qonun 1.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Top