14:51 / 04.07.2020
43627
Putin Rossiya xorijlik ishchilarga ehtiyoj sezayotganligini aytdi

Shu yilning fevralida Rossiya mehnat vazirligi fuqarolikni oson olish imkonini beruvchi kasblar ro‘yxatini kengaytirdi. Yangi tahrirdagi hujjatdan 135ta kasb (ilgari 74ta) o‘rin oldi.

Foto: RIA Novosti

Rossiyada iqtisodiyot rivojlanishi bilan ishchi kuchi yetishmasligi muammosi kuchayib bormoqda, mamlakat xorijlik yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj sezmoqda, dedi Vladimir Putin.

«Rossiya iqtisodiyoti rivojlanishi barobarida bizga ishchi kuchi yetishmayapti, tez orada bu yanada yaqqol seziladi. Bu jiddiy muammolardan biri», — dedi u Rossiya prezidenti.

Uning qayd etishicha, Rossiya yangi fuqarolar oqimiga va ayniqsa, rus tilida so‘zlashuvchilarga ehtiyoj sezmoqda.

Shu yilning fevralida Rossiya mehnat vazirligi fuqarolikni oson olish imkonini beruvchi kasblar ro‘yxatini kengaytirdi. Yangi tahrirdagi hujjatdan 135ta kasb (ilgari 74ta) o‘rin oldi. Unga jumladan, shifokorlik, veterinariya, entomologiya, o‘qituvchilik va jurnalistika kabilar kiritildi.

Shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida migrantlarga imtiyozlar berildi. Putin farmoni bilan 15 martdan 15 iyungacha ular mehnat patenti uchun pul to‘lamasligi belgilandi. Shuningdek, ushbu davr mobaynidan ularning mamlakatda bo‘lish muddati hisobga olinmadi, vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomalar muddati o‘tib ketmadi.

O‘z navbatida, mamlakat IIV aprel oxirida koronavirus pandemiyasi sharoitida xorijliklar deportatsiya qilinmasligini bildirdi.

Top