14:01 / 04.07.2020
6766

Ravshan Haydarov «Surxon» bosh murabbiyi etib tayinlandi

Uzoq vaqt davom etgan muzokaralardan so‘ng «Surxon»  futbol klubi yangi bosh murabbiy bilan kelishuvga erishdi.

O‘zbek futbol muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan tajribali murabbiy Ravshan Haydarov rasman «Surxon» futbol klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi, deya yozmoqda klub rasmiy sayti. 

«Ravshan Akmalovich faoliyati davomida «Paxtakor» jamoasi bilan bir necha bora O‘zbekiston chempioni va kubogini qo‘lga kiritgan. Uzoq yillar davomida O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalarini boshqargan. 2018 yili O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Osiyo kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritgan va shu yili O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi unvonini qo‘lga kiritgan. 

Ravshan Akmalovich bugungi kunda O‘zbekiston (U-23) yoshlar jamoasi bosh murabbiyi ham hisoblanadi. Ishonamizki, Ravshan Haydarov o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab,  Surxondaryo futboli ravnaqiga ham o‘z hissasini qo‘shadi», - deyiladi klub rasmiy xabarida.

Haydarovning Termiz bilan necha yillik shartnoma imzolagani ma'lum qilinmagan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bahrom Haydarov «Surxon»dan iste'foga chiqqach, klub bosh murabbiyi sifatida jamoa a'zolariga Aleksandr Xomyakov tanishtirilgan edi. Biroq noma'lum sabablarga ko‘ra, rossiyalik mutaxassis Termiz jamoasida ishlamaydigan bo‘ldi.  

Ma'lumot uchun, «Surxon» Superliga 7-turidan keyin 4 ochko bilan turnir jadvalida 12-o‘rinda bormoqda.

Top