19:56 / 05.07.2020
8465

Buxoroda qurilish xomashyolarini usti ochiq holda tashiyotgan haydovchilar yuzasidan reyd o‘tkazildi

Buxoro yo‘llarida usti ochiq holda qurilish xomashyolarini ortib harakatlangan haydovchilar yuzasidan reyd tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.

«Yon oynalari tushirilgan avtomobil ichiga esib turgan shamol natijasida ortiqcha changlar kirib qolyapti. Bunday vaziyatda diqqinafas bo‘lgan transport egalari harakatni nazorat qilishlari biroz mushkul bo‘lyapti. Holat tahlil qilinganda shu narsa ayon bo‘ldiki, bunda avvalo tibbiy omillar yetakchilik qilsa, sun'iy jihatlar ta'siri ham undan aslo qolishmaydi.

Ma'lumki, ayni paytda Buxoro shahrida keng ko‘lamdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti. Ushbu jarayonlarga yuzlab katta texnikalar jalb etilgan. Yuk tashish avtomashinalari shaharga kerakli qurilish xomashyolarini olib kirish jarayonida mavjud talablarga amal qilishni unutib qo‘ymoqda.

Natijada usti ochiq holda tashilayotgan tuproq, shag‘al, sement, g‘isht va boshqa shu turdagi xomashyolar shahar ko‘chalari ifloslanishiga zamin yaratyapti.

Viloyat IIB YHXB mas'ullari shu turdagi holatlarni bartaraf etish maqsadida viloyatimizdagi qurilish tashkilotlari rahbarlari va yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilar o‘rtasida nazorat tadbirlarini tashkil qilishdi.

Ularga shaharga qurilish xomashyolarini ustini ochiq holda tashish tegishli tartibda jarimaga tortilishga sabab bo‘lishi, qolaversa ushbu xatti-harakat ko‘chalarni ifloslantirishi, haydovchilarga noqulaylik tug‘dirishi va aholi salomatligiga xavf solishi haqida tushuntirishlar berildi», – deyiladi viloyat IIB videolavhasida.

Ma'lumot uchun, yo‘l harakatiga qasddan, shu jumladan yo‘l qoplamasini ifloslantirish yo‘li bilan xalal berish fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Top