08:53 / 05.07.2020
8770

Eron AQSh ustidan Xalqaro sudga arz qildi

Tehron koronavirus pandemiyasi vaqtida AQSh sanksiyalarining Eronga ta'siri yuzasidan Xalqaro sudga arz qildi. Bu haqda Eron prezidenti o‘rinbosari Lay Junaydiyga tayanib Mehr axborot agentligi xabar berdi

Eron o‘z arznomasida ushbu sanksiyalar pandemiya vaqtida mamlakatga qanday ta'sir qilganini taftish qilishni so‘ragan.

“Inson huquqlariga zid va beshafqat sanksiyalarni hisobga olib, prezidentning huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari taklifiga ko‘ra sanksiyalarning koronavirus tarqalishiga ta'siri yuzasidan Xalqaro sudga yangi arznoma topshirildi”, deyilgan xabarda.

AQSh Eron bilan yadro kelishuvdan chiqqandan keyin Tehronga qarshi sanksiyalarni tiklagan. AQShning sobiq prezidenti Barak Obama prezidentligi vaqtida 2015 yilda imzolangan kelishuv Eron o‘z yadro dasturini cheklashi evaziga unga qarshi kiritilgan ko‘plab sanksiyalarning bekor qilinishini ko‘zda tutgan. Biroq AQShda hokimiyat tepasiga Donald Tramp kelgach, Vashington 2018 yil mayida Tehronni kelishuvga rioya qilmaslikda ayblab, undan chiqib ketgan.

Eron o‘z navbatida AQShni “iqtisodiy terrorchilikda” hamda koronavirusga qarshi kurashda zarur bo‘lgan tibbiy qurilmalar va dori-darmonni olishga to‘sqinlik qilayotganlikda ayblamoqda.

Top