00:33 / 05.07.2020
140564

Koronavirus: Aholi orasida aniqlangan kasallanish holatlari bo‘yicha yangi rekord qayd etildi

4 iyul kuni O‘zbekistonda 312ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 9708 holat), 174 nafar bemor sog‘aydi, 2 kishi vafot etdi. Shu vaqtgacha 6425 bemorga javob berilgan, 31 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 3252 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 6 hududda - Toshkent shahri, Buxoro, Sirdaryo, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 312 holatdan 162tasi karantin muassasalarida, 142tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 8 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+142)
Bugun aholi orasida aniqlangan kasallar soni bo‘yicha rekord natija qayd etildi - 142 bemor. Bungacha bir kunda aholi orasida yangi holatlar aniqlanishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 2 iyul kuni qayd etilgandi - 113 holat.

Bugun 3 hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlangan. Aholi orasidagi yangi holatlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahrida qayd etildi - 105 holat. 

Poytaxtda 4 iyun kunidan buyon uzluksiz ravishda aholi orasida koronavirus aniqlanib kelinmoqda. Bugun poytaxtda ham aholi orasidagi holatlar bo‘yicha rekord natija yangilandi - 2 iyul kuni shaharda aholi orasida 67 kishida virus aniqlangandi.

Toshkent viloyatida aholi orasida yana 36 kishida virus aniqlangan - bu ham viloyat uchun rekord ko‘rsatkich. Viloyatda so‘nggi haftalarda uzluksiz ravishda aholi orasida yangi holatlar aniqlanayotgandi, bu zanjir faqat 1 iyul kuni uzilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatida aholi orasida bir kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Karantin (+162)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 86 holat aniqlandi. Bu so‘nggi haftalarda eng quyi ko‘rsatkichdir.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 55 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Toshkent viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 15 kishida virus chiqdi.

Bugun shuningdek, Navoiy viloyatida karantindagilar orasida 6 kishi, Qashqadaryoda esa 1 kishi virusdan zararlangani ma'lum bo‘lgan.

Haydovchilar (+8)
Sirdaryo viloyatida 8 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Tuzalganlar (+174)
Bugun Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida jami 174 nafar bemor sog‘ayib, shu vaqtgacha kasallikdan tuzalib chiqqanlar soni 6425 nafarni tashkil etmoqda.

O‘lim (+2)
Qatorasiga ikkinchi kun ikkita o‘lim holati qayd etildi va jami o‘limlar soni 31taga yetdi. 1 iyul kuni toshkentlik 65 yoshli erkak o‘ta og‘ir ahvolda Ibn Sino nomidagi 1-son shahar klinik shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilib, sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Ammo u 3 iyul kuni shifokorlar tomonidan standart asosida ko‘rsatilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

G‘ijduvon tumanida yashovchi 35 yoshli ayol D.Sh. 1 iyul kuni koronavirus infeksiyasiga gumon qilinib, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi 3-daraja, semizlik 2-daraja tashxisi qo‘yilgan. U 3 iyul kuni olamdan o‘tgan.

Pandemiya davrida Toshkentda 17, Namanganda 4, Samarqandda, Surxondaryo, Jizzax va Buxoroda 2tadan, Farg‘ona va Qashqadaryoda bittadan o‘lim ro‘y bergandi. 

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3252 nafar bemordan 15 nafari og‘ir, 9 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

 
Hozirda mamlakatda uy karantinida 42 659 nafar, statsionar karantinda esa 24 301 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top