22:31 / 05.07.2020
1534
Lotin Amerikasida pandemiya boshidan beri ilk saylovlar bo‘lib o‘tmoqda
Foto: iStock

Dominika respublikasi Lotin Amerikasida pandemiya boshidan beri saylovlar o‘tayotgan ilk davlat bo‘ldi. 5 iyulda bu davlatda kim prezident bo‘lishi hal qilinadi. Prezident saylovlari dastlab 17 mayga belgilangan, biroq markaziy saylov komissiyasi qaroriga ko‘ra 5 iyulga ko‘chirilgan.

Biroq bu saylovlarni tinchroq sharoitlarda o‘tkazishga yordam bermadi. Bir kun avval respublikada koronavirusga chalinish bo‘yicha yangi rekord qayd qilingan bo‘lib, so‘nggi sutkada kasallanganlar soni 1036 nafarni tashkil qilgan. Umumiy hisobda esa mamlakat bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 36 mingdan oshib ketgan. Komissiya saylovlarni ko‘chirish bo‘yicha qarorni qabul qilganda kasallanish holatlari ancha kamroq bo‘lgan. 

Hukumatning koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni eplay olmayotgani ham saylovchilar kayfiyatiga ta''sir qilgan. So‘rovnomalarning ko‘rsatishicha, ular 6 yil avval tashkil etilgan “Zamonaviy inqilob partiyasi” vakili Luis Abinaderni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashmoqda. Abinader yaqinda koronavirusni boshdan kechirgani ham uning aholi tomonidan ko‘proq qo‘llab-quvvatlanishiga omil bo‘lgan. Uni respondentlarning 53 foizi qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirgan. 

Shuningdek, prezident lavozimiga Dominika ozodlik partiyasidan Gonsalo Kastilo va amaldagi prezident Leonel Fernandes da'vogarlik qilmoqda. Ta'kidlash joiz, so‘rovnomaga ko‘ra, Kastiloni respondentlarning 35 foizi, amaldagi prezidentni esa bor-yo‘g‘i 12 foizi qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Yana 3 nomzod - Gilermo Moreno, Xuan Koen va Ismael Reyyes yetakchilardan ancha ortda qolmoqda.

Agar saylovlar natijalari so‘rovnomalarniki kabi bo‘lsa, yangi prezident birinchi bosqichdayoq saylanadi.

Prensa Latina nashrining ta'kidlashicha, saylovlar davomida shuningdek vitse-prezident, 32 senator  va 190 deputat ham saylanadi. Saylovlarda ishtirok etish huquqiga 7,5 mln kishi ega. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top