16:42 / 05.07.2020
6277

Toj Mahal 3 oylik tanaffusdan keyin yana tashriflar uchun ochilmoqda 

Hindistondagi mashhur Toj Mahal majmuasi koronavirus pandemiyasi sababli yopilgandan 3 oy o‘tib 6 iyuldan yana tashriflar uchun ochiladi. Shuningdek, Nyu-Dehlidagi Qizil Fortga ham tashrif buyurish mumkin bo‘ladi. 

Foto: Reuters

Majmuaga kirishni istovchilar niqobda bo‘lishlari, 2 metrlik ijtimoiy masofaga rioya qilishlari va marmar sirtlarga qo‘llari bilan tegmasliklari kerak bo‘ladi. 

Agradagi mashhur obida pandemiya sababli 3 oy yopiq qolgandi. Ayni vaqtda Hindistonda xalqaro aviaaloqa to‘xtatilgan bo‘lsa-da, hukumat ichki sayyohlar ommabop obektlarga tashrif buyurishlariga umid qilgan holda ichki aviaaloqaga ruxsat bergan.

Toj Mahalga kuniga 5 ming sayyoh kiritiladi. Ular ikkita – ertalabki va kunduzgi oqimga bo‘linadi. Bu ikki oqim orasida majmuani dezinfeksiyalash va sanitar ishlov berish uchun tanaffus ko‘zda tutilgan. Ta'kidlash joiz, pandemiyadan oldin avji pallada majmuaga kuniga 80 ming sayyoh tashrif buyurgan. Majmua ma'muriyatida yaqin hududdagi do‘konlar va mehmonxonalar yopilgani hamda koronavirus keng tarqalgan hududlar borligi sababli mehmonlar ko‘p bo‘lishini kutmayotganlari aytilgan. 

Obidalar ochilishi Hindistonda koronavirusga chalinish holatlari keskin ko‘paygan vaqtda yuz bermoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 4 iyulda Hindistonda kasallanayotganlar soni “xavotirli sur'atda” ko‘payayotganini tan olgan. 5 iyulda Hindiston sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda rekord darajada sutkalik kasallanish qayd qilinganini ma'lum qilgan. So‘nggi sutkada mamlakatda 24 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati qayd qilingan bo‘lib, umumiy kasallanganlar soni 673 mingdan oshib ketgan. Toj Mahal joylashgan Agra shahri esa Uttar-Pradesh shtatining koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan shahri bo‘lib qolmoqda. Kasallanganlar soni hukumat tomonidan ko‘rilgan qat'iy cheklovlar, jumladan o‘n minglab korxonalar yopilganiga qaramay, tez sur'atlarda oshib bormoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top