11:45 / 05.07.2020
21933
Putinning jiyani nomzodi korrupsiyaga qarshi partiya raisi lavozimiga ilgari surildi 

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning jiyani Roman Putin “Xalq korrupsiyaga qarshi” (Narod protiv korrupsii) partiyasiga rahbarlik qilishi mumkin. Uning nomzodini bu lavozimga partiyaning siyosiy kengashi tavsiya qilgan.

Roman Putinning partiya rahbariyatidagi faoliyati bo‘yicha qaror partiyaning 5 iyuldagi qurultoyida qabul qilinishi kerak.

Putinning jiyani partiyaga 2020 yil 21 iyundagina qabul qilingan. Partiya uning kelishi bilan o‘z rivojlanishi, aksilkorrupsiyaviy faoliyati hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishida yangi turtki olishini kutmoqda.

Roman Putin mart oyida “Kommersant” nashriga bergan intervyusida fevralda tashkil etilgan “Lyudi dela” harakati negizida o‘z siyosiy partiyasini tashkil etmoqchiligini ma'lum qilgan. U yangi partiyaning bosh maqsadi davlat dumasiga kirish bo‘lishini aytgan.

42 yoshli Roman Putin Vladimir Putinning amakivachchasi Igor Putinning o‘g‘li bo‘lib, Federal xavfsizlik xizmatida tezkor xodim bo‘lib ishlagan, 2012 yil boshida Novosibirsk oblasti gubernatori maslahatchisi etib tayinlangan va ko‘p o‘tmay, 2013 yildayoq bo‘shatib yuborilgan. Roman Putin 2014 yilda Londonda Putin Consulting Ltd. kompaniyasini tashkil qilib, keyinchalik uning nomini “Putin Konsalting” MChJga o‘zgartirib, Rossiyaga ko‘chib o‘tgan. 

U 2013 yildan Rossiya txekvondo federatsiyasi vasiylik kengashiga rahbarlik qiladi. Bundan tashqari, Putinning jiyani “Arbat neftegaz” (100 foiz egalik qiladi), “Zvezda oyl” (sobiq egalaridan biri), “Partner-Vostok” (100 foiz egalik qiladi) va “Rusyugeksport” kompaniyalariga rahbarlik qiladi. Unga, shuningdek, “Rosnefteximinjiniring “ kompaniyasining 10 foizi tegishli hisoblanadi. 

Top