19:24 / 05.07.2020
30448
Reportaj: Zangiota tumanida koronavirus bemorlari uchun qurilgan maxsus shifoxona ochildi

Shifoxona 6 iyuldan boshlab bemorlar qabul qilishni boshlaydi. Loyihaning umumiy qiymati 504 milliard so‘mni tashkil etadi.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qiluvchi ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilmoqda.

33 gektar maydonni egallagan obekt 2000 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, jami 4ta blokdan iborat. 4 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, mas'ul tashkilotlar vakillari va OAV xodimlari ushbu shifoxona bilan tanishdi.

6 iyul kuni ilk bemorlarni qabul qilishi kutilayotgan shifoxonaning bir qismida qurilish ishlari olib borilyapti. Har bir blok 5ta davolash korpusi, shu jumladan, 3ta statsionar bo‘lim, 1ta jonlantirish bo‘limi va 1ta jarrohlik bo‘limidan iborat.

Shifoxona kompleksi yengil konstruksiyali, izolyatsiya qilingan sendvich panellarni qo‘llagan holda, energiya tejamkor texnologiyalar asosida qisqa muddatda qurilmoqda.

Muassasa eng so‘nggi zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar bilan ta'minlanadi.

Shifoxona murakkab epidemiologik vaziyat va favqulodda holatlarda zaruratga ko‘ra to‘liq karantin muassasasi sifatida moslashtirilib faoliyat olib borishi mumkin bo‘ladi.

Hozirda qurilish ishlarining birinchi bosqichi, ya'ni

16,5 gektar maydonda bir qavatli 18ta blok qismi qurilib foydalanishga topshirilmoqda.

Bu yerda 1 000 o‘ringa mo‘ljallangan bir qavatli 10ta asosiy va 8ta yordamchi bloklardan iborat maxsus shifoxona qurilgan. 1-2-bloklar (1 000 o‘rinli) xodimlar yotoqxonasi, 3-blok qabul bo‘limi, 4-7-bloklar davolash korpusi, 8-blok reanimatsiya, 9-blok operatsion zal, 10-blok shifokorlar kuzatuv punkti.

Ikkinchi bosqichda 16,5 gektar maydonda yana 1 000 o‘ringa mo‘ljallangan bir qavatli 9ta asosiy va 1ta yordamchi blok ham iyul oyida ishga tushiriladi.

Alisher Shodmonov jurnalistlarga shifoxona haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi.

«Maxsus shifoxona magnit rezonans tomografi, raqamli rentgen apparati va zamonaviy UTT diagnostika apparati hamda gemodializ kabi apparatlari bilan jihozlangan.

Shifoxonada quyidagi ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda:

  • epidemiologik vaziyatda shifoxona yuqumli kasalliklar xususiyatidan kelib chiqqan holda barcha sanitariya-epidemologik talablarga javob beruvchi maxsus muassasa hisoblanadi;
  • zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy tibbiy ko‘riklar hamda konsiliumlar tashkil etiladi hamda davolashning ta'sirchan usullari muhokama qilinadi;
  • tibbiyot oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari o‘quvchilariga malaka oshirish uchun maxsus klinik baza platformasi sifatida xizmat qiladi;
  • malakali davolash bilan birga zamonaviy telemeditsina texnologiyalari asosida hududlarda ham yuqori sifatli tibbiy xizmatlar tashkil etiladi;
  • xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari va yuqori texnologik muolajalar amalga oshiriladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, statsionar joylarning hammasi bokslangan, har bir xona avtonom. Biridagi havo boshqasiga o‘tmaydi. Ularga kirib-chiqish ham, xizmat ko‘rsatish ham alohida.

Kasallar kelgach, qabul bo‘limidan tambur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z palatasiga joylashtiriladi.

Barcha korpuslar, bo‘linmalar toza va notoza yo‘laklar bilan ajratilgan. Toza yo‘lakdan faqat tibbiy personal o‘z vazifasini bajarish uchun foydalanadi. Shifokorlar harakatlanish chog‘ida sanitar o‘tkazgichlar orqali o‘tadi. Bu barchaning – tashxisi noaniq bo‘lganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini ta'minlash imkonini beradi.

72 o‘rinli reanimatsiya bo‘limida har bir koyka sun'iy o‘pka ventilyatsiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu bo‘limni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yo‘nalishlar bo‘yicha jihozlash ham mumkin.

Jarrohlik zallariga havo tepadan beriladi va yon tomonlardan so‘riladi. Natijada doimiy sterillik ta'minlanadi.

Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya bo‘yicha eng ilg‘or apparatlar o‘rnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda o‘rtacha 40 kishiga tashxis qo‘ysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega.

Ko‘rpa-to‘shak va matolar yuvilib, boshqa buyumlar esa bug‘ yordamida dezinfeksiya qilinadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top