23:30 / 05.07.2020
81696
Tezlikni oshirganda ruxsat etilgan +5 km/soat: nega u faqat birinchi o‘lchovda qo‘llanilmoqda?

Haydovchi harakat tezligi 70 km/soat qilib chegaralangan hududda 91 km/soat tezlikda harakatlanib kelsa, unga 1 115 000 so‘m  miqdorda jarima qo‘llanilmoqda. Bu qonunga zid, chunki bu holatda “+5 km/soat” qoidasi inobatga olinishi va haydovchi 223 000 so‘m jarimaga tortilishi kerak.

Foto: KUN.UZ

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasida haydovchilarning harakat tezligini belgilangan me'yoridan oshirib yuborgani uchun, oshirilgan harakat tezligiga qarab, uch xil og‘irlikdagi jarima turi nazarda tutiladi.

Bunda:

  • tezlik belgilanganidan soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborilganda – bazaviy hisoblash miqdori*ning bir baravari, ya'ni 223 000 so‘m miqdorida;
  • soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborilganda besh baravari, 1 115 000 so‘m  miqdorida;
  • soatiga 40 kilometrdan oshirib yuborilganda to‘qqiz baravari, ya'ni 2 007 000 so‘m miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

(* bir bazaviy hisoblash miqdori 223 000 so‘mga teng)

Ma'lumki, Soliq kodeksida soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipi mavjud bo‘lib, unga ko‘ra soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin etiladi. Buni dabdurustdan tilga olganimizning sababi – yo‘l harakati qoidalarining buzilishi bo‘yicha fuqarolarni javobgarlikka tortish masalasida ham shunga o‘xshash qoida amal qiladi.

Xususan, Adliya vazirligida 2011 yil 5 iyulda 2240-son bilan ro‘yxatga olingan Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 8-bandida haydovchi belgilangan tezlikni oshirib yuborganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar va transport vositalari spidometrlari ko‘rsatkichlaridagi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan jami nuqsonlar jamlangan holda hisobga olinishi kerak.

Bunda tezlikni o‘lchaydigan uskuna ruxsat etilgan tezlikdan soatiga 5 kilometrdan oshiq bo‘lganini ko‘rsatgan taqdirda ma'muriy bayonnoma tuziladi.

Ya'ni, tezlikni o‘lchashda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nuqsonlar haydovchi foydasiga hal qilingan holda shartli ravishda qonunchilikda +5 km/soat birlik belgilab qo‘yilgan.

Masalan, aholi yashash punktida, harakatlanish tezligini soatiga 70 kilometrdan oshirish mumkin bo‘lmagan joyda soatiga 75 kilometrgacha tezlikda harakatlanib kelgan haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzmagan hisoblanadi. Ya'ni, tezlik 76 km/soatni tashkil etganda yo‘l harakati qoidalari buzilgan hisoblanadi va bu bir baravar miqdorda jarimaga tortishga sabab bo‘ladi.

Biroq, shu hududda tezlik 20 km/soatdan ortiq, biroq 40 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirilsa-chi? Besh baravar miqdordagi jarima nechchi tezlikdan keyin qo‘llanilishi kerak?

Xozirgi amaliyotda, «50» belgisi turgan joyda haydovchi 71 km/soat tezlikda harakatlanib kelsa, jarima miqdori 5 barobar qilib belgilanmoqda. Biroq bu mumkin emas!

Chunki tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar va transport vositalari spidometrlari ko‘rsatkichlaridagi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan jami nuqsonlar jamlangan holda 5 km/soatgacha belgilangan tezlikni oshirishga ruxsat bor. Lekin u YPX xodimlari tomonidan faqat 1 «minimalka» jarima solinishiga sabab bo‘ladigan hollardagina inobatga olinmoqda.

Tahririyatga ma'lum bo‘lgan holatlardan birida haydovchi soatiga 70 kilometr tezlikda harakatlanish belgilangan hududda soatiga 91 kilometr tezlik bilan harakatlangan. Unga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositacida avtomashinani soatiga 20 kilometrdan oshirib haydaganlik bo‘yicha ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning besh baravari – 1 115 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Bir qaraganda, bu yerda haydovchi tezlikni soatiga 20 kilometrdan ko‘proqqa oshirgandek ko‘rinishi mumkin. Biroq, aynan mazkur holatda maxsus qurilma qayd etgan holat bo‘yicha ma'muriy bayonnomani rasmiylashtirgan YPX inspetori yo‘riqnomaning «+5 km/soat» qoidasiga amal qilmagan bo‘ladi. Chunki harakat tezligi bo‘yicha cheklov soatiga 70 km/soat bo‘lgan hududda MJtKning 128-3-moddasi ikkinchi qismi doirasiga tushish uchun harakat tezligi «+5 km/soat» qoidasi inobatga olingan holda soatiga 96 kilometrni tashkil qilishi lozim.

Bordi-yu, 70 km/soat tezlik belgilangan joyda haqiqiy tezlik, aytaylik 106 km/soat bo‘lsa-yu, radarda bu 111 km/soat bo‘lib aks etsa-chi? Bu bir qoidabuzarlikning o‘zida 5 baravar o‘rniga 9 baravar jarima degani.

Shuning uchun ham normativ hujjatga «+5 km/soat» qoidasi kiritilgan va shuning uchun ham davlat yo‘l harakati xafsizligi xizmati xodimlari bu qoidani tezlikning keyingi chegaralariga ham tatbiq etishlari shart.

Ya'ni 70 km/soat tezlikdan oshirganlik uchun 5 baravar jarima 96 km/soat tezlikdan boshlab, 9 baravar belgilanadigan jarima esa 116 km/soat tezlikdan boshlab rasmiylashtirilishi kerak.

Tushunarli bo‘lishi uchun e'tiboringizni Shveytsariya amaliyotida haydovchiga jo‘natilgan jarima kvitansisiga qaratamiz:

Manba: krass56.ru

Unga ko‘ra, radar haydovchining tezligini 54 km/soat deb ko‘rsatgan. Qoidaga ko‘ra, u harakatlangan yo‘lda tezlikni 50 km/soatgacha oshirish mumkin bo‘lgan. Shveytsariya yo‘l harakati qoidalarida «+3 km/soat» qoidasi amal qilishi inobatga olinib, 54-3=51 ko‘rinishida haydovchini jarimaga tortish mumkin bo‘lgan haqiqiy tezlik aniqlangan.

Yana shuni aytish mumkinki, bu qoida bizning huquqni qo‘llash amaliyotimizdan farqli ravishda Shveytsariya va boshqa xorijiy davlatlarda barcha tabaqadagi jarima qo‘llaniladigan tezlik chegaralariga nisbatan qo‘llaniladi.

Yuqorida tilga olingan Yo‘riqnomaning yana bir talabi shuki, «+5 km/soat» qoidasiga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnoma DYHXXning ma'muriy amaliyot inspektori tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmasligi lozim. Bundan kelib chiqadiki, tahririyatda mavjud bayonnoma bo‘yicha avvalboshidan YHXB YPX inspektori tomonidan ma'muriy bayonnoma noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan deb topilishi kerak edi. Ammo, ko‘rinib turibdiki, YPX xodimlari Yo‘riqnomani yetarlicha tushunib yetmagan yoki ularga shunday qilishi lozimligi to‘g‘risida noto‘g‘ri ko‘rsatma berishgan.

So‘zimiz yakunida biz Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidan yuqoridagi Yo‘riqnomani amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha YPX xodimlariga, shuningdek DYHXXning tegishli xodimlariga tushuntirish berishlarini so‘rab qolamiz.

Ma'muriy bayonnomani rasmiylashtirishda «+5 km/soat» qoidasi inobatga olinmagan holatlar qayta ko‘rib chiqilishi va haydovchining foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi kerak, deb hisoblaymiz.

Dilshod Abduqodirov
huquqshunos

Top