15:52 / 06.07.2020
8658
Oqqo‘rg‘onda YPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan shaxslarga jazo tayinlandi

Toshkent viloyati ma'muriy ishlar bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudi YPX xodimiga faol qarshilik ko‘rsatgan fuqarolarga 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinladi. Gap shundaki, shu yilning 30 iyun kuni Oqqo‘rg‘on tumanida xizmat olib borayotgan yo‘l patrul xizmati inspektorlari tekshirish uchun «Spark» rusumli transport vositasini to‘xtatganida, haydovchi X.Jo‘rayevdan spirtli ichimlik hidi kelayotganligiga e'tibor qiladi va uni tibbiy ko‘rikdan o‘tishga taklif etadi.

Shu orada avtomobil salonida bo‘lgan uch nafar yo‘lovchi sheriklari mashinadan tushib YPX inspektoriga faol qarshilik ko‘rsata boshlashadi. Yo‘lovchilardan biri inspektorning pogoni va bodi kamerasini yulib olishga ham ulguradi. 

Shundan so‘ng fuqarolar tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan. Yuzaga kelgan holatga oydinlik kiritilib huquqbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun tuman ma'muriy ishlar bo‘yicha sudiga chiqarildi.

Tuman sudi voqea tafsilotlarini atroflicha ko‘rib chiqqan. Yakuniy qaror chiqarishdan oldin dalillar birma-bir ko‘rilib, tahlil etildi va sud hukmi e'lon qilindi. Haydovchi X. Jo‘rayevga jarima, uning yo‘lovchilari Sh. Asrayev, I. Ahmedov va B. Ahmedovlarga esa 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Top