11:30 / 07.07.2020
22497
DXX Toshkentda terroristik tashkilotning yashirin guruhi faoliyatiga chek qo‘ydi

DXX va IIV xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlarida o‘tkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbirlar natijasida «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkilotining 11 nafar tarafdoridan iborat yashirin guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

«Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terroristik tashkiloti Oliy sudning 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan mamlakatda taqiqlangan.

Aniqlanishicha, ushbu guruhni tashkil etgan shaxsning o‘zi dastavval 2020 yilning yanvar oyida diniy ekstremistik oqimlar va terrorchilik tashkilotlarining g‘oyaviy rahnamolari hisoblanuvchi, hozirda Suriya va Turkiya davlatlarida yashab kelayotgan (asli qirg‘izistonlik) laqabi «Abu Saloh» bo‘lgan Sirojiddin Muxtorov, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan «Abdulloh Zufar» laqabli Zofir G‘afforov va «Sodiq Samarqandiy» laqabli Sodiq Muhammadiyevning da'vatlarini tinglab, ularning ta'siriga tushib qolgan.

So‘ngra o‘z atrofidagi insonlarni ham bu yo‘lga targ‘ib qila boshlagan.

U 2020 yilning mart oyiga kelib, «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti safiga qo‘shilish uchun Suriya davlatiga chiqib ketishni reja qilgan va buning uchun o‘ziga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirib olgan. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli O‘zbekiston va Turkiyada joriy etilgan karantin choralari uning rejasining ro‘yobga chiqishiga xalaqit bergan.

Ta'kidlanishicha, noqonuniy yig‘ilishlar davomida guruh a'zolari internet tarmog‘i orqali yuklab olingan ekstremistik mazmundagi materiallarni tinglab, muhokama qilb kelgan. Hatto ularning bir nechtasi «hijrat» va «jihod» qilish uchun Suriya davlatiga borishga xayrixohlik bildirgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida guruh a'zolarining yashash manzillarida taqiqlangan diniy adabiyotlar va varaqalar, kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon hamda flesh-kartalar borligi aniqlanib, ularda saqlanayotgan ma'lumotlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun protsessual tarzda rasmiylashtirilib olingan.

Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top