14:00 / 07.07.2020
19776

Jizzax shahrida karantin talablari kuchaytirildi: choyxonalar va istirohat bog‘lari yopilmoqda

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida Jizzax shahrida karantin talablarini kuchaytirish to‘g‘risida Jizzax viloyat hokimi E.Soliyevning qarori qabul qilindi.

Viloyat hududida so‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar soni ortib borayotgani, viloyatning ayrim tumanlari «qizil» toifali hududlar tarkibiga kiritilganini inobatga olib, viloyat shtabi qarorlariga muvofiq Jizzax shahriga 2020 yil 4 iyul soat 00:01dan boshlab karantin choralari kuchaytirilayotgani haqidagi qaror viloyat hokimligi rasmiy saytida bugun e'lon qilindi.

Unga ko‘ra, Jizzax shahriga kirish va chiqishni nazorat qilish uchun qo‘shimcha yo‘l patrul xizmati statsionar postlari va blok postlari tashkil etiladi.

Kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infeksiyasi alomatlarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy nazorat o‘rnatiladi.

Tashkil etilgan yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va blok postlarini pirometrlar (masofadan tana haroratini o‘lchovchi) va o‘tishga ruxsat etilgan avtotransport vositalarini majburiy ravishda dezinfeksiya qilinishini ta'minlaydi.

Jizzax shahridagi «Yoshlar shaharchasi», «Istiqlol» va «O‘rda» ekologik istirohat bog‘lari faoliyati to‘xtatiladi va fuqarolarning bog‘ hududiga kirishi taqiqlanadi.

Jizzax shahrida avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz faqat kunning muayyan vaqtida soat 07:00dan – 10:00gacha va 17:00dan – 20:00gacha harakatlanishiga ruxsat etiladi.

Jizzax shahrida soat 07:00dan 23:00ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq to‘planish hamda 23:00dan 07:00ga qadar ko‘chalarda, ko‘p qavatli uylar va hovlilar oldida bo‘lish taqiqlanadi, bunda faqatgina fuqarolarning salomatligi yomonlashgani munosabati bilan shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun davolash muassasasiga yoxud zarur dori-darmon xarid qilish maqsadida dorixonaga borib-kelishiga shaxsiy transport vositasiga ruxsat beriladi.

Jizzax shahridagi «Markaziy dehqon» hamda «Eski shahar dehqon» bozorlari, savdo majmualari (supermarket, minimarket va boshqalar) kirish-chiqish joylarida fuqarolarning tana haroratini o‘lchash uchun tegishli mutaxassislar bilan ta'minlagan holda pirometrlar va antiseptik vositalar bilan ta'minlanishi belgilangan.

Jizzax shahriga boshqa hududlardan kirib kelayotgan barcha transport vositalari, tovar va yuklarning majburiy ravishda dezinfeksiya qilinishi ta'minlanadi.

Davlat idoralari va tashkilotlarida fuqarolar hamda tadbirkorlik sub'yektlari vakillarini qabul qilish, ularga davlat va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkon qadar «onlayn» rejimga o‘tkaziladi, jamoat joylari va tadbirkorlik faoliyati obektlarida ijtimoiy masofa (2 metr) saqlash, uch kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan doimiy ravishda foydalanish, barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion «to‘shak»lar bilan ta'minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofani saqlagan holda faoliyat yuritishini ta'minlash choralari ko‘riladi.

Jizzax shahridagi barcha savdo shoxobchalari, choyxona, restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish joylari, sartaroshxona va go‘zallik salonlari hamda o‘quv kurslari faoliyati karantin tadbirlari tugagunga qadar to‘xtatiladi.

Viloyat hududidagi yirik buyum bozorlari hamda buyum savdosi bilan shug‘ullanadigan yirik savdo majmualari haftaning shanba va yakshanba kunlari sanitariya-dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun yopilishi, shuningdek, Jizzax shahridagi «Ko‘k bozor» dehqon bozori haftaning yakshanba, «Eski shahar» dehqon bozori haftaning har dushanba kuni yopilishi hamda belgilangan choralarga to‘liq rioya etilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatiladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top