18:45 / 07.07.2020
4404
OTBdan 500 mln dollar imtiyozli qarz olish bo‘yicha bitimlar imzolandi

Koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta'sirini kamaytirish uchun Osiyo taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga 500 mln AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha tegishli bitimlarga imzo chekish jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Foto: Moliy vazirligi

O‘zbekistonga imtiyozli qarz ajratish qarori shu yilning 25 iyunida OTB Direktorlar kengashi tomonidan bir ovozdan ma'qullangan edi.

500 mln dollar miqdoridagi qarz mablag‘lari 15 yil muddatga (shundan 3 yil imtiyozli davr), libor (6 oylik, bugungi kunda – 0,4%) + spred (0,5%) yillik foiz stavkasida ajratilmoqda.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, jalb qilinayotgan mablag‘lar vazirlik huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi va davlat budjetiga koronavirus pandemiyasi va global inqirozning salbiy ta'sirini kamaytirish choralarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

«Osiyo taraqqiyot banki qarz mablag‘larini ajratishdan avval mamlakatdagi makroiqtisodiy holat, shu jumladan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xatarlarini tahlil qildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, OTB tomonidan respublika davlat qarzi barqaror va xatarlar past darajada deb baholangan», – deyiladi Moliya vazirligi relizida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top