17:43 / 07.07.2020
16678
Rossiyalik shifokorlarning aksariyati COVID-19 bo‘yicha rasmiy statistikaga ishonmasligi ma'lum bo‘ldi

 Sotsiologlarning qayd etishicha, rasmiy statistikaga nisbatan ishonchsizlik nafaqat shifokorlar, balki tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan aholi orasida ham kuzatilmoqda.

Foto: Maksim Shemetov / Reuters

COVID-19 simptomiga ega bemorlar bilan ishlash tajribasiga ega rossiyalik shifokorlarning aksariyati koronavirus bo‘yicha rasmiy statistikaga ishonmaydi. So‘rovlarda qatnashgan 502 shifokorning qariyb 60 foizi ana shunday fikr bildirgan.

 So‘rovda qatnashganlarning 49 va 47 foizi kasallanganlar va vafot etganlar bo‘yicha statistika kamaytirilgan degan fikrda bo‘lsa, 9 va 11 foizi mos ravishda rasmiy raqamlar oshirib ko‘rsatilgan deb ishonadi.

Shifokorlarning 23 foizi bemorlar soni to‘g‘risidagi ma'lumotlar haqqoniy deb hisoblaydi.

So‘rovda qatnashgan shifokorlarning 44 foizi tibbiyot xodimlari ishini yengillashtirish uchun hech narsa qilinmadi degan fikrda.

Sotsiologlarning qayd etishicha, rasmiy statistikaga nisbatan ishonchsizlik nafaqat shifokorlar, balki tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan aholi orasida ham kuzatilmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, aprel boshida 58-59 foiz respondent rasmiy statistikaga ishongan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 46–47 foizgacha pasaygan.

 6 iyul holatiga rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon 687 862 nafar bemor qayd etilgan, 10 296 kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top