12:57 / 07.07.2020
2267
Xitoyda OTMlarga kirish uchun yagona davlat imtihonida rekord sonda abituriyent ishtirok etdi

7 iyulda Xitoyda oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun yagona davlat imtihoni – gaokaoda rekord sonda abituriyent ishtirok etdi. Ishtirokchilarning umumiy soni 10,7 mln kishini tashkil qilgan.

Foto: Getty Images

Xitoy markaziy televideniyesi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda OTMlarga kirishni istovchilar 2019 yilga nisbatan 400 mingga ko‘proqni tashkil qilgan. Hukumat imtihon topshiruvchilar uchun 400 mingga yaqin auditoriyani hozirlagan va imtihonlar borishi ortidan kuzatish uchun 945 mingga yaqin o‘qituvchi va nazoratchini jalb qilgan

Pekinda atipik zotiljam avj olgan 2003 yildan beri birinchi marta ushbu imtihonlar koronavirus pandemiyasi sababli bir oy kechroq – iyulda o‘tkazilmoqda. Dunyodagi murakkab epidemiologik vaziyat sababli gaokao barcha ehtiyot choralari hisobga olingan holda o‘tkazilgan, hukumat o‘quvchilar xavfsizligini ta'minlash uchun maksimal choralar ko‘rgan.

Statistikaga ko‘ra, 2009 yildan 2019 yilgacha Xitoyda abituriyentlar soni har yili 9 mln atrofida bo‘lgan. Abituriyentlar soni bo‘yicha avvalgi rekord 2008 yilda qayd qilingan bo‘lib, o‘shanda imtihonda ishtirok etish uchun 10,5 mln o‘quvchi ariza topshirgan.

Gaokao uchta majburiy fan – xitoy tili va xorijiy til, matematika va o‘z xohishiga ko‘ra yana bir fandan testni o‘z ichiga oladi. U yozma test shaklida o‘tkazilib (xorijiy tildan tashqari), har bir fanga 1,5-2 soat vaqt beriladi. Imtihon natijalariga ko‘ra universitetlarga qabullar amalga oshiriladi. Aksariyat o‘quvchilar testlarga 1-2 yil avvalroq tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi.   

Top