23:42 / 08.07.2020
2048
Amazon Qrim, Eron va Suriyaga qarshi sanksiyalarni buzgani uchun 134,5 ming dollar jarima to‘laydi
Foto: Reuters

Qrim, Eron va Suriyada bo‘lgan shaxslar 2011 yil noyabrdan 2018 yil oktyabrgacha bo‘lgan davrda Amazon.com plaftormasida mahsulot va xizmatlarga buyurtma bergan.

Dunyodagi eng yirik internet-riteyler hisoblanuvchi Amazon kompaniyasi sanksiya dasturlarini buzgani uchun 134 523 dollar jarima to‘laydi. Bu haqda OFAC (Office of Foreign Assets Control, AQSh moliya vazirligining sanksiyalar sohasida huquqni qo‘llash bo‘linmasi) bayonotida aytilmoqda.

Qayd etilishicha, kompaniya OFAC sanksiyalari ostidagi shaxslarga, Qrim, Eron va Suriyadagi mijozlarga hamda AQSh sanksiyalari ostidagi davlatlarda bo‘lgan yoki ularning xorijiy missiyalarida ishlaydigan shaxslarga xizmat ko‘rsatgan yoki mahsulot jo‘natgan.

Qrim, Eron va Suriyada bo‘lgan shaxslar 2011 yil noyabrdan 2018 yil oktyabrgacha bo‘lgan davrda Amazon.com plaftormasida mahsulot va xizmatlarga buyurtma bergan.

Shuningdek, Amazon.com Kuba, Eron, Shimoliy Koreya, Sudan va Suriyaning xorijiy missiyalarida ishlaydiganlarning ham buyurtmalarini bajargan.

Sanksiyalar ostidagi shaxslarga xizmat ko‘rsatish tranzaksiyalarining umumiy miqdori 269 ming dollarni tashkil etgan.

Amazon qoidabuzarliklar to‘g‘risida o‘zi ma'lum qilgani uchun OFAC unga maksimal miqdorda jarima solmagan va kelishuvlar umumiy summasining teng yarmi miqdorida jarima belgilagan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda sanksiyalar buzilishi bo‘yicha OFAC belgilagan jarimalar miqdori 1,289 mlrd dollarni tashkil etgan. Eng yirik jarimalar Eronga qarshi sanksiyalarni buzgani uchun Standard Chartered Bank ($639 mln) va UniCredit Bank AG ($553 mln) banklariga solingan.

Top