20:18 / 08.07.2020
8390

Kim Chen Inga janubiy koreyalik sobiq harbiy asirlarga 35 ming dollar to‘lash majburiyati qo‘yildi

Foto: ASSOCIATED PRESS

Seul okrug sudi Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ikki nafar janubiy koreyalik sobiq harbiy asirga tovon puli to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqardi. Bu Janubiy Koreya sudlari amaliyotida birinchi shunday qaror bo‘ldi. 

Tovon puli to‘lanishi kerak bo‘lgan sobiq asirlar Xan Chje Boku va Ro Sa Xongu hozirda mos ravishda 87 va 90 yoshda bo‘lib, ularning ikkisi ham 1950-1953 yillardagi Koreya urushida ishtirok etgan va asirga olingan. Urush tugagandan keyin ular 33 oylik muddatga majburiy ishlarga jo‘natilgan. Shundan keyin ular yana o‘nlab yillar Shimoliy Koreyaning ko‘mir konlarida ishlashga majbur qilingan.

Ikkala asir ham 2000-yillarda Shimoliy Koreyadan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan keyin ular Shimoliy Koreya tuzumi ustidan sudga arz qilishgan. Jabrdiydalarning advokatlari ular uchun 145 ming dollardan tovon puli to‘lanishini talab qilishgan. Biroq Seul sudi Kim Chen In Shimoliy Koreya tuzumi qilmishlari uchun qisman javobgarligi, sobiq asirlarga nisbatan qatag‘on Shimoliy Koreya yetakchisining otasi va bobosi vaqtida qo‘llangani haqida qaror chiqargan. Shu sababli Kim Chen Inga asirlarga 17570 dollardan tovon puli to‘lash majburiyati qo‘yilgan. 

Biroq sud qarori qanday qilib ijro etilishi noma'lumligicha qolmoqda. Jabrlanuvchilar advokatlarining ta'kidlashicha, ehtimol bu pullar Janubiy Koreya Shimoliy Koreya davlat agentliklariga foto, video va boshqa materiallarni qo‘llagani uchun to‘laydigan pullardan undiriladi. Hozirda bu mablag‘larga egalik qiluvchi jamg‘arma Janubiy Koreya sudi nazoratida hisoblanadi. 

Mavzuga oid
Top